Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Surxondaryo viloyati DXX boshqarmasi va viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishiga chek qo‘yildi.

Ma’lum bo‘lishicha, Afg‘onistondan O‘zbekistonga kontrabanda yo‘li bilan 25 kg 444 g afyun va 11 kg 86 g gashish olib kirilgan. Huquq-tartibot organlari giyohvand moddalar partiyasining buyurtmachilarini qo‘lga oldi. Tezkor xodimlar nazorati ostida giyohvand moddalar Samarqandga yetkazilgan bo‘lib, ularni olayotgan vaqtda ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi va ikki nafar xorijiy fuqaro ushlandi.

Boshqa bir tezkor tadbirda Termiz xalqaro savdo markazi hududida ikki nafar Afg‘oniston fuqarosi 1 kg 76 g afyuni shartli xaridorga 5 ming AQSh dollariga sotayotgan vaqtda qo‘lga olindi.

Aniqlanishicha, ular giyohvand moddalarni chegaradan yashirin olib o‘tish uchun ichki tashish usulini – germetik kapsulalarni yutib yuborishni qo‘llagan.

Hozirda ushbu faktlar bo‘yicha Jinoyat kodeksining 246-moddasi (Kontrabanda) 2-qismi va 273-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni sotish maqsadida noqonuniy ishlab chiqarish, olish, saqlash va boshqa harakatlar, shuningdek ularni sotish) 5-qismi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan, tergov davom etmoqda.

Source: uznews.uz