Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer va uning rafiqasi rasmiy tashrif bilan Toshkentga yetib keldi. Uchrashuv Toshkent-Xumo xalqaro aeroportida bo‘lib o‘tdi.
Mehmonlarni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Achilboy Ramatov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi. Tashrif dasturiga muvofiq, davlat rahbarlarining tor va kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralari bo‘lib o‘tadi.
Muzokaralarda O‘zbekiston-Germaniya ko‘p qirrali munosabatlarini yanada chuqurlashtirish masalalari ko‘rib chiqiladi. Xususan, savdo, sanoat kooperatsiyasi, energetika va yashil texnologiyalar, transport va logistika, farmatsevtika va kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Shuningdek, ta’lim va gumanitar almashinuvlarni faollashtirish, xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish ko‘zda tutilgan. Muzokaralar doirasida bir qator yangi qo‘shma loyihalar va dasturlarni ishga tushirish rejalashtirilgan.
Source: uznews.uz