Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Markaziy banki Boshqaruvi 17-iyun kuni asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, may oyida yillik inflyatsiya 5,5 foizgacha pasaygan. Bu o‘tgan yilgi yuqori bazaviy effektning hisobdan chiqishi bilan bog‘liq.

«Inflyatsiyaning barqaror komponentlari dinamikasi, ichki talabning yuqori darajasi, shuningdek, tashqi iqtisodiy noaniqlik qattiq pul-kredit shartlarini saqlab qolishni talab qilmoqda», deyiladi rasmiy bayonotda.

May oyida bazaviy inflyatsiya 5,7 foizni tashkil etdi. Aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutishlari pasayishda davom etmoqda. Iqtisodiy faollikning yuqori sur’atlari saqlanmoqda: chakana savdo, xizmat ko‘rsatish, turizm va investitsiyalarning o‘sishi yalpi talabning barqarorligini ko‘rsatmoqda.

Iyun oyidan boshlab energiya resurslari tariflarining oshishi inflyatsiyaga qisqa muddatli ta’sir ko‘rsatadi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sirdan tashqari, transport va ishlab chiqarish xarajatlari bilan bog‘liq ikkilamchi omillar keyingi choraklarda namoyon bo‘ladi.

Markaziy bank 2026 yil yakuniga inflyatsiya prognozini 6,5 foiz, iqtisodiy o‘sishni esa 7-7,5 foiz oralig‘ida saqlab qoldi.

Real ijobiy foiz stavkalari aholi va biznesning jamg‘armalarini rag‘batlantiradi, kreditlashning muvozanatli o‘sishini ta’minlaydi va inflyatsion bosimni ushlab turadi.

Tashqi iqtisodiy noaniqlik yuqoriligicha qolmoqda — oziq-ovqat va energiya narxlarining o‘zgaruvchanligi, logistika xarajatlarining o‘sishi import orqali tashqi inflyatsion bosimning o‘tishi xavfini yaratmoqda.

Source: kun.uz