Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida Damas ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida jarohatlangan haydovchi shifoxonada vafot etdi. Bu haqda “Millar” dasturida xabar berildi. Avvalroq YHXX u tan jarohatlari bilan tibbiyot muassasasiga olib ketilganini ma’lum qilgan edi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolar ortidan Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati hodisa yuzasidan ma’lumot bergandi. Unga ko‘ra, YTH 9-iyun kuni soat 18:10 larda Samarqand viloyati Paxtachi tumanidagi “Mirza Olim” MFY hududidan o‘tuvchi M-37 avtomobil yo‘lining 138-kilometrida sodir bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 35 yoshli A.R. Damas rusumli avtomobilni boshqarib ketayotgan vaqtda o‘zidan oldin harakatlanayotgan transport vositalarini quvib o‘tish maqsadida asfalt qoplamasi mavjud bo‘lmagan yo‘l chetidan harakatlangan. Natijada haydovchi avtomobil boshqaruvini yo‘qotib, o‘zi bilan bir yo‘nalishda harakatlanayotgan yuk avtomobilining orqa qismiga borib urilgan.
YHXXning 15-iyun kuni e’lon qilingan axborotida Damas haydovchisi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yetkazilgani qayd etilgan edi. Biroq “Millar” dasturida ma’lum qilinishicha, haydovchiga ko‘rsatilgan tibbiy yordamlarga qaramay, u hodisa sodir bo‘lgan 9-iyun kuni vafot etgan. Marhum 10-iyun kuni so‘nggi manzilga kuzatilgan.
Dastur muxbirlari haydovchining oila a’zolari bilan suhbatlashgani va ular mazkur ma’lumotni tasdiqlaganini bildirgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Paxtachi tumani Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Source: www.gazeta.uz