Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Migratsiya agentligi O‘zbekiston fuqarolari uchun Italiyada ishlash imkoniyatini e’lon qildi. Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, Italiyaning Sardiniya hududidagi tibbiyot muassasalariga yil davomida 150 nafar shifokor jalb qilinishi rejalashtirilgan.

Dastur doirasida pediatr, nevrolog, diabetolog, pulmonolog, gastroenterolog, shoshilinch tibbiy yordam shifokori hamda boshqa mutaxassisliklar bo‘yicha nomzodlar ko‘rib chiqiladi.

Qayd etilishicha, tanlovdan o‘tgan nomzodlar Italiyaning Perudja universiteti hamkorligida tashkil etilgan italyan tili kurslarida yetti oy davomida onlayn ta’lim oladi. O‘qish xarajatlari Migratsiya agentligi tomonidan qoplanadi, buning uchun har oy 600 yevro miqdorida mablag‘ ajratiladi.

Kursni muvaffaqiyatli yakunlagan mutaxassislar Sardiniyada ish boshlaydi. Asosiy oylik maosh 3,5 ming yevrogacha yetishi mumkin. Qo‘shimcha ish soatlari va tungi navbatchiliklar uchun to‘lanadigan bonuslar hisobiga daromad 4−5 ming yevrogacha oshishi mumkin. Ish vaqti haftasiga 38 soatni tashkil etadi.

Dastur shartlariga ko‘ra, ish beruvchi tomonidan turar joy xarajatlari qoplanadi, tushlik bilan ta’minlanadi hamda tibbiy sug‘urta rasmiylashtiriladi.

Nomzodlarga oliy tibbiy ma’lumotga ega bo‘lish talabi qo‘yilgan. Ish tajribasi majburiy emas, ammo tajribaga ega mutaxassislarga ustuvorlik beriladi.

Yosh bo‘yicha talablarga ko‘ra, nomzodlar 50 yoshdan oshmagan bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, 40 yoshgacha bo‘lgan mutaxassislarga afzallik berilishi aytilgan.

Tanlov ishtirokchilari “Xorijda ish” platformasida rezyume (CV) to‘ldirganlar orasidan saralab olinadi. Migratsiya agentligi qo‘shimcha ma’lumot uchun 71 202−33−55 telefon raqamiga murojaat qilish mumkinligini ma’lum qildi.

Source: www.gazeta.uz