Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston aeroportlari davlat operatori — Uzbekistan Airports va Vision Invest boshchiligidagi xalqaro konsorsium o‘rtasida Toshkentning yangi xalqaro aeroportini qurish va undan foydalanish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjat 17-iyun kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida imzolandi. Konsorsium tarkibiga, shuningdek, Yaponiyaning Sojitz Corporation va Janubiy Koreyaning Incheon International Airport Corporation kompaniyalari ham kirdi. Avvalroq ulushlar quyidagicha taqsimlangani ma’lum qilingan edi: Vision Invest — 45%, Sojitz Corporation — 30%, Incheon International Airport Corporation — 15%, Uzbekistan Airports — 10%.

Bitim imzolanishiga keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari zamin yaratdi. Xususan, xalqaro moliya institutlari talablariga muvofiq ekologik va ijtimoiy baholashlar o‘tkazildi, davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim ishlab chiqildi, muhandislik kommunikatsiyalarini ko‘chirish bo‘yicha loyiha hujjatlari tayyorlandi hamda bo‘lajak aeroport hududini hozirlash ishlari boshlab yuborildi.

“Ta’kidlash lozimki, aeroport loyihasi mamlakat prezidenti tashabbusi bilan Hukumat, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Transport vazirligi ko‘magida ishlab chiqilgan. Bugun barchamiz uni amalga oshirish yo‘lida muhim qadam qo‘ydik”, — dedi Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi Javlonbek Umarxodjayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentning yangi xalqaro aeroporti o‘nlab yillar davomida yo‘lovchi va yuk tashishning o‘sib borayotgan ehtiyojlarini qondira oladigan zamonaviy texnologik aviatsiya xabiga aylanishi kerak.

“Yetakchi xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlik tufayli biz nafaqat sarmoya, balki eng so‘nggi texnologiyalardan foydalangan holda dunyodagi eng yirik aeroport majmualarini loyihalash, qurish va boshqarish bo‘yicha noyob tajribaga ega bo‘lamiz. Ishonchim komilki, ushbu loyiha O‘zbekiston aviatsiya sanoatini rivojlantirishda yangi bosqich bo‘ladi va mamlakatimizning Markaziy Osiyodagi asosiy transport markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi”, — dedi u.

Aeroport Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlari hududida, umumiy maydoni 1310 gektar bo‘lgan maydonda joylashadi. Loyihaning birinchi bosqichida har birining uzunligi 4 km bo‘lgan ikkita uchish-qo‘nish yo‘lagi, 208 ming kvadrat metr maydonga ega yo‘lovchi terminali, havo kemalari uchun 98 ta to‘xtash joyi, yoqilg‘i quyish majmuasi va zamonaviy havo harakatini boshqarish dispetcherlik minorasi qurilishi ko‘zda tutilgan.

Qurilishni shu yilning iyulida boshlash rejalashtirilmoqda. 2030-yil oxirida foydalanishga topshirilishi mo‘ljallangan aeroport yiliga 20 million yo‘lovchiga va 300 ming tonnagacha yuklarga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Imzolangan bitimga ko‘ra, xususiy sheriklar konsorsiumi yo‘lovchi terminali va vokzal atrofi maydonini qurish va keyinchalik ekspluatatsiya qilishni o‘z zimmasiga oladi, davlat sherigi esa aerodrom majmuasini qurish va ekspluatatsiya qilishni o‘z zimmasiga oladi.

Tasdiqlangan jadvalga muvofiq, joriy yilning iyun oyida muhandislik tarmoqlarini ko‘chirishni boshlash, hududni tayyorlashni yakunlash va bosqichma-bosqich qurilish ishlarini boshlash rejalashtirilgan. Poytaxtning yangi aeroportini qurish 2025-yil 25-noyabrdagi prezident qarorida (PQ-353) ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, yangi aeroportga Toshkent — Samarqand, Toshkent — Andijon, Toshkent — Bo‘stonliq pulli avtomobil yo‘llari ulanadi. Shuningdek, tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi, Toshkent va Yangi Toshkent markazlari o‘rtasida tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

Source: www.gazeta.uz