Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistondagi birinchi kichik modulli atom reaktorining texnik ishga tushirilishi 2029-yilning oktabr-noyabr oylariga rejalashtirilmoqda. Bu haqda Atom energiyasi agentligi (“O‘zatom”) direktori Azim Axmedxadjayev Alibaev.Politika YouTube loyihasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi kichik reaktor ishga tushirilganidan olti oy o‘tib, ikkinchisini ishga tushirish reja qilingan. 2033-yilda O‘zbekiston birinchi yirik reaktorni ishga tushirishni, 2034−2035-yillarda esa atom elektr stansiyasi loyihasini to‘liq yakunlashni maqsad qilgan.

“Biz atom stansiyasi oddiy bir sanoat zavodi emasligini, bu juda jiddiy yondashuv ekanini tushunamiz. Prezident bizdan, eng avvalo, xalqaro xavfsizlik standartlariga qat’iy rioya qilishni talab etmoqda. Shu sababli maydonchamizga XAEA (Xalqaro atom energiyasi agentligi) ekspertlari muntazam ravishda kelishmoqda. Bu yil ikkita missiya rejalashtirilgan”, — dedi u.

“O‘zatom” rahbari loyiha belgilangan muddatlarda amalga oshirilayotganini, biroq atom stansiyasi qurilishida “shoshilish mumkin emasligi” anglangan holda ish olib borilayotganini ta’kidladi.

“Bu o‘nlab yillar oldinga xizmat qiladigan atom stansiyasidir. Uni standartlarga muvofiq nechog‘li to‘g‘ri barpo etishimizga qarab, uning hayotiy sikli belgilanadi”, — deya ta’kidladi Azim Ahmedxo‘jayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, atom stansiyasining umumiy quvvati 2110 MVtni tashkil etadi. U yiliga 17 milliard kVt/soatgacha elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Taqqoslash uchun, amaldagi ko‘rsatkichlarga ko‘ra, O‘zbekiston energotizimining o‘rnatilgan quvvati taxminan 30 GVtni, yillik ishlab chiqarish hajmi esa 80 milliard kVt/soatdan ortiq elektr energiyasini tashkil qiladi. Shu tariqa, quvvati 2,1 GVt bo‘lgan bo‘lajak atom stansiyasi o‘rnatilgan quvvatning 8 foizdan kamrog‘ini egallaydi, biroq joriy ishlab chiqarish hajmining qariyb 20 foizini ta’minlab bera oladi, deb qayd etdi agentlik direktori.

“Ya’ni mavjud voqelikda 8 foizlik quvvat 20 foiz energiya ishlab chiqaradi”, — dedi u.

Azim Ahmedxo‘jayev, shuningdek, prezident Shavkat Mirziyoyev Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida O‘zbekiston atom energetikasini rivojlantirishni davom ettirish niyatida ekanligini ma’lum qilganini eslatib o‘tdi.

“Ishonchimiz komilki, kichik quvvatli stansiyaning birinchi bosqichi muvaffaqiyatli amalga oshirilib, amaliyotda qo‘llanganidan so‘ng, bizga yanada oldinga harakat qilish vazifasi beriladi. Shu sababli, atom stansiyalari va texnologiyalarini doimiy ravishda rivojlantirib borgan holda, mamlakatimizning umumiy energiya balansida yaxshi va munosib o‘rinni egallaymiz”, — dedi “O‘zatom” rahbari.

Sentabr oyi oxirida mamlakatlar Jizzax viloyatining Forish tumanida quriladigan bo‘lajak atom stansiyasining konfiguratsiyasini belgilovchi hujjatlarni imzoladi. Loyiha bitta maydonda joylashadigan to‘rtta energoblokni o‘z ichiga oladi: ikkitasi VVER-1000 reaktorli (har biri 1 GVtdan) va ikkitasi har biri 55 MVt quvvatga ega RITM-200N reaktorli. Bunday joylashtirish dunyoda muqobiliga ega emas.

O‘tgan yilning oktabr oyida AES qurilishi bo‘yicha direksiya direktori Abdujamil Kalmuratov ushbu loyihani noyob deb atagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2029-yildan boshlab ilk elektr energiyasini olish, ikki yil davomida — 2031-yilning oxirigacha esa sanoat generatsiyasini boshlash rejalashtirilgan.

“2033 va 2035-yillarda biz AESning yirik energobloklarini ishga tushirishni maqsad qilganmiz. Kafolat muddatlarini hisobga olsak, bizda yana ikki yil bo‘ladi, bu muddat mutaxassislarning fikriga ko‘ra, kafolat bilan qoplanadi. Shundan so‘ng obyekt foydalanishga topshiriladi”, — deya tushuntirgan edi u.

“O‘zatom” rahbari Azim Ahmedxo‘jayev, shuningdek, O‘zbekistondagi integratsiyalashgan AES qurilishining bazaviy qiymati 9,5 mlrd dollardan oshmasligini ma’lum qildi. Loyihani amalga oshirishda “ma’lum bir qismda” davlat budjeti jalb etiladi, biroq asosan u kredit mablag‘larini jalb qilish hisobiga amalga oshiriladi.

Stansiyaning ilk betonini quyish marosimida prezident Vladimir Putin Rossiya O‘zbekistonga AES qurilishi uchun imtiyozli eksport krediti ajratishini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Rosatom” reaktor yoqilg‘isini yetkazib berish, stansiyaga texnik xizmat ko‘rsatish va ishlatilgan yadroviy materiallar bilan ishlash bo‘yicha majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi.

Source: www.gazeta.uz