Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida ikki davlatning birinchi xonimlari uchrashuv o‘tkazdi.
Samimiy suhbatdan so‘ng Ziroat Mirziyoyeva va Elke Byudenbender Milliy ijtimoiy himoya agentligi huzuridagi Xalqaro inklyuziv hubga tashrif buyurdi.
Germaniya birinchi xonimiga hubning inklyuziv kasbiy ta’limni rivojlantirish, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, yoshlar, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni talab qilinadigan ko‘nikma va kasblarni egallashda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan faoliyati haqida ma’lumot berildi.
Birinchi xonimlar hubning o‘quv ustaxonalari va loyihalari bilan tanishib, o‘quvchilar bilan muloqot qildi.
Elke Byudenbender O‘zbekistonda inklyuziv jamiyatni shakllantirish, kasbiy ta’limni rivojlantirish va yoshlar imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha olib borilayotgan amaliy ishlarni yuqori baholadi.
Eslatib o‘tamiz, Xalqaro inklyuziv hub nogironligi bo‘lgan yoshlarni o‘qitish, ish bilan ta’minlash va ijtimoiylashtirish uchun yaratilgan loyiha-akselerator platformasidir. Hub yoshlarning jamiyatga moslashishi uchun bepul uzoq va qisqa muddatli kasbiy kurslarni taklif etadi.
Source: uznews.uz