O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan qonun loyihasiga ko‘ra, bolalarni tashish qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik va haydovchilik huquqidan mahrum qilish joriy etilishi taklif etilmoqda.
Hujjat Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi 128−11-moddani kiritishni nazarda tutadi. Unga ko‘ra, bolalarni tashish qoidalarini buzish transport vositalarini boshqarish huquqidan 1 yildan 3 yilgacha mahrum qilgan holda bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 30 baravari (12,36 mln so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Agar qoidabuzarlik haydovchilik huquqiga ega bo‘lmagan yoki boshqarish huquqidan mahrum qilingan shaxs tomonidan sodir etilsa, unga 50 BHM (20,6 mln so‘m) miqdorida jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilishi taklif etilmoqda.
Bolalarni tashishni tashkil etish qoidalarini buzganlik uchun ham alohida javobgarlik joriy etilmoqda. Bunday huquqbuzarlik uchun 30 BHM miqdorida jarima qo‘llash taklif qilingan. Agar ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil ichida qoidabuzarlik takrorlansa, jarima miqdori 50 BHMgacha oshirilishi mumkin.
Hujjatda qayd etilishicha, yo‘l harakati xavfsizligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga qaramay, yo‘l-transport hodisalaridan jabrlanayotganlar orasida bolalar ulushi yuqoriligicha qolmoqda. Sabablardan biri sifatida voyaga yetmaganlarni tashishda xavfsizlik talablariga rioya etilmayotgani ko‘rsatilgan.
Bosh prokuratura amaldagi qonunchilikda bunday qoidabuzarliklar uchun aniq va samarali javobgarlik choralarining yetarli darajada nazarda tutilmaganini, bu esa ularning keng tarqalishiga xizmat qilayotganini ta’kidlagan.
IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati matbuot kotibi Zoyir Yo‘ldoshevning ma’lum qilishicha, bolalarni tashish qoidalarini buzish holatlari ko‘pincha xususiy va oilaviy bog‘chalarda aniqlanmoqda. 1−12-may kunlari maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilarini qoidalarni buzgan holda tashish bilan bog‘liq 170 ta holat qayd etilgan. Bunday transport vositalarida jami 3872 nafar bola bo‘lgan — o‘rtacha har bir avtomobil hisobiga 23 nafardan.
May oyida Buxoro viloyatining Romitan tumanida mast holda bolalarni tashigan avtobus haydovchisi uchta modda bo‘yicha, jumladan odam tashish qoidalarini buzganlik uchun sudlangan edi. Ushbu modda bo‘yicha 2 BHM miqdorida jarima nazarda tutilgan. Jami jazolarni qo‘shish orqali sud unga 40 BHM, ya’ni 16,48 mln so‘m jarima tayinlagan.
Bundan avval Navoiy viloyatida 14 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Matiz avtomobili YTHga uchragan edi. Haydovchi shifoxonada vafot etgan, barcha bolalar turli darajada jarohat olib, shifoxonaga yotqizilgan.
Bolalarni me’yordan ortiq tashish holatlari boshqa hududlarda ham aniqlangan. Surxondaryo viloyatida xususiy bog‘cha mikroavtobusida 32 nafar bola tashilgan, Sirdaryo viloyatida Damas haydovchisi 28 nafar tarbiyalanuvchini, Namanganda esa 25 nafar bolani olib ketgan. Buxoro viloyatida esa ikki Damas avtomobilida jami 36 nafar bola bo‘lgan — birida 20 nafar, ikkinchisida 16 nafar.
Source: www.gazeta.uz