Xorazm viloyatining Hazorasp tumanidagi mahallada hokim yordamchisi fuqaroni o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, 1400 dollar olgan vaqtida ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, Departamentning Xorazm viloyati boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unda Hazorasp tumani “Ziyolilar” MFY hokim yordamchisi I. R. fuqaro D. R.ni Toshkent gumanitar fanlar universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishini aytib, 1400 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik), shuningdek, 28-moddasi (Jinoyat ishtirokchilarining turlari) orqali 211-moddasi (Pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda mazkur ish bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Namanganda maktab direktorligiga ishga joylashtirish uchun 8,5 ming dollar pora olgan viloyat MMTB shu’ba boshlig‘i ushlangan edi.
Source: www.gazeta.uz