Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-iyun kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Xorijiy investorlar kengashining yalpi yig‘ilishida kengash tomonidan 120 ta yangi taklif va tashabbuslar tayyorlangani haqida ma’lum qildi.

Hukumat ushbu takliflarni tahlil qilib, ularni yettita ustuvor yo‘nalishga birlashtirdi: investitsiya muhitini yaxshilash, soliq tizimi, kadastr, energetika, moliya va bank tizimi, korporativ boshqaruv, sun’iy intellekt va raqamli iqtisodiyot.

Prezident eng dolzarb takliflar sifatida quyidagilarni sanab o‘tdi: soliq yukini kamaytirish, yer uchastkalarini auksion orqali berish, energiya samaradorligini oshirish, banklarni xususiylashtirish, davlat korxonalarida mustaqil direktorlar institutini joriy etish va raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish.

Har bir yo‘nalish bo‘yicha mas’ul shaxslar belgilanib, aniq yechimlar ishlab chiqilgan. Takliflarni ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruhlarga Vision Invest, BDO, Crowe, OTP Group, Franklin Templeton, Ernst & Young, Costa Legal va ACWA Power kompaniyalari rahbarlari hamrais etib tayinlangan.

Xorijiy investorlar kengashi 2019-yil oxirida prezident huzurida maslahat-kengash organi sifatida tashkil etilgan. Uning tarkibiga xorijiy kompaniyalar, banklar, investitsiya va boshqa tuzilmalar, xalqaro moliya institutlari hamda xorijiy hukumat moliyaviy tashkilotlari, jumladan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi vakillari kirgan.

Kengash o‘z faoliyatini yalpi va oraliq sessiyalar shaklida amalga oshiradi. Yalpi sessiyalar yiliga bir marta, oraliq sessiyalar esa kamida ikki marta o‘tkaziladi. Bu galgi yalpi sessiya 5-Toshkent xalqaro investitsiya forumiga bag‘ishlandi.

Prezident kengash faoliyati haqida to‘xtalar ekan, u “oddiy maslahat mexanizmidan amaliy islohotlar maydoniga aylanganini” ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mustaqil assotsiatsiya maqomini olgan kengash “tom ma’noda kuchli institut darajasiga ko‘tarildi”.

O‘tgan bir yil davomida Kengashda ishtirok etayotgan kompaniyalar soni 54 tadan 85 taga yetdi. Ular iqtisodiyotning 23 ta tarmog‘ini qamrab olib, ishchi guruhlar faoliyatida bevosita ishtirok etmoqda.

Shavkat Mirziyoyev kengash a’zolari tashabbuslari “davlat siyosatida o‘zining amaliy ifodasini topayotganini” bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yilgi yig‘ilishdan keyin 21 ta tashabbus bo‘yicha yechimlar topilgan.

“Takliflarning salmoqli qismi asosida normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirdik. Jumladan: Soliq kodeksiga investorlar uchun qulay bo‘lgan o‘zgartirishlar kiritildi; kompaniyalar o‘rtasidagi ichki qarz bitimlari moliya nazoratidan chiqarildi; asosiy vositalarni tezlashtirilgan tartibda amortizatsiya qilish huquqi berildi; xalqaro standartlar asosida hisobot yurituvchi xorijiy shirkatlar uchun ko‘plab majburiy talablar bekor qilindi. Bundan tashqari, “Muqobil investitsiya jamg‘armalari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi”, — dedi davlat rahbari.

Mas’uliyatli biznes yuritish standartlarini joriy etish hamda 16 ta texnik reglamentni xalqaro me’yorlarga muvofiqlashtirish dasturi tayyorlangan.

Xorijiy investorlarga teng va adolatli sharoit yaratish bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni zimmaga olishda yangi qadamlar tashlangan. O‘zbekiston yaqinda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Xalqaro investitsiyalar va ko‘p millatli korxonalar to‘g‘risidagi deklaratsiyasiga qo‘shilishini e’lon qildi.

Hozirda Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonun ishlab chiqilmoqda.

Source: www.gazeta.uz