O‘zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionatidagi ilk o‘yini munosabati bilan mamlakatning 14 ta umumta’lim maktabida muxlislar maydonlari tashkil etildi. Dastlabki turda Kolumbiyaga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvni 2,5 mingga yaqin tomoshabin katta ekranlarda jonli efirda tomosha qildi.
Gazeta muxbiri Mirolim Isajonov Toshkent shahridagi 12-maktabda tashkil etilgan muxlislar maydoniga borib, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimova, o‘qituvchi va o‘quvchilar, shuningdek, mahalliy aholi ishtirokidagi tadbirdan reportaj tayyorladi.
Tadbir boshida so‘zga chiqqan vazir E’zozxon Karimova O‘zbekistonning jahon chempionatida qatnashishi tarixiy voqea ekanini ta’kidladi. “Shu munosabat bilan ushbu kunni butun respublika bo‘ylab, ayniqsa, maktablarda muxlislar maydonlarini tashkil etgan holda nishonlashga qaror qildik. Bugun yigitlarimiz qanday natija qayd etishidan qat’i nazar, bu O‘zbekiston uchun g‘alaba hisoblanadi”, — dedi vazir.
O‘yindan so‘ng vazir muxbirga bergan qisqa intervyusida uchrashuvdan durrang natija kutganini bildirdi. “34 yillik orzu amalga oshdi. Jamoamiz jahon chempionatiga chiqib, tarix yaratdi. Raqib ham kuchli jamoa edi. Birinchi o‘yindan durang kutgandim, afsuski, bu safar unday bo‘lmadi. Lekin hali oldinda ikkita o‘yin turibdi, umidimiz bor”, — dedi Karimova. Uning fikricha, terma jamoa futbolchilari yaxshi o‘yin namoyish etgan, ayniqsa, himoyachi Rustam Ashurmatovning harakatlari e’tiborga loyiq bo‘lgan.
Vazirlik bo‘lim boshlig‘i Bahrom Aminovning so‘zlariga ko‘ra, respublika bo‘ylab tashkil etilgan muxlislar maydonlarida dastlab 2200 nafar muxlisni qamrab olish rejalashtirilgan. “Biroq qiziqish kutilganidan ham yuqori bo‘ldi. Masalan, Toshkent shahridagi 12-maktabda 180 o‘rin tayyorlangan bo‘lsa, o‘yinga 200 nafardan ortiq muxlis keldi. 22 va 28-iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan navbatdagi o‘yinlarni ham xuddi shu muassasalarda birgalikda tomosha qilishni rejalashtirganmiz”, — dedi u.
Aminov terma jamoaning ilk o‘yinidan olgan taassurotlari bilan ham o‘rtoqlashdi: “Jahon chempionatidagi bahslar har doim yuqori darajada bo‘ladi. Biz o‘yinchilarning maydondagi intilishi, har bir to‘p uchun kurashgani va o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarishga harakat qilganini ko‘rdik. Shu jihatdan o‘yin menda ijobiy taassurot qoldirdi”.
E’zozxon Karimova ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan o‘qituvchilar va direktorlarni o‘yin tomoshasiga majburiy jalb qilish haqidagi xabarlar yuzasidan izoh berdi: “Hozir ustozlarimizning aksariyati ta’tilda. Ularga hech qanday majburiy topshiriq berilmagan. Xohlagan ishtirokchidan so‘rasangiz ham, buni hech kim tasdiqlamaydi. Bu yerga futbolning haqiqiy muxlislari kelib, vatandoshlarimizni qo‘llab-quvvatlayapti”. Bahrom Aminov ham pedagoglarga bunday topshiriq berilmaganini ta’kidladi: “Futbol — millionlar o‘yini. Biz bu kabi tadbirlarni targ‘ibot va qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil qilamiz. Kim ishtirok etishi yoki etmasligi har kimning shaxsiy qaroriga bog‘liq”.
Aminovning fikricha, bunday tadbirlar jamiyatda vatanparvarlik tuyg‘ularini kuchaytirishga xizmat qiladi: “Mamlakat bo‘ylab millionlab odamlar milliy jamoani qo‘llab-quvvatladi. Hatto futbolga avval qiziqmagan insonlar ham ijtimoiy tarmoqlarda terma jamoa uchun videolar tayyorlab, o‘z munosabatini bildirmoqda. Bu esa jamoaga befarq bo‘lmagan insonlar ko‘pligini ko‘rsatadi”.
Vazir mamlakatda sport, xususan futbolni ommalashtirishga yo‘naltirilgan ishlar haqida ham to‘xtaldi: “Bugun yoshlar uchun ham ta’lim olish, ham sport bilan shug‘ullanish imkoniyatlari kengaymoqda. Xalqimiz sportni, ayniqsa, futbolni yaxshi ko‘radi. Buni qizlar futboli misolida ham ko‘rish mumkin. Yaqinda o‘tkazilgan musobaqalarda respublika bo‘ylab qariyb 98 ming qiz ishtirok etdi. Demak, futbolga qiziqish xalqimiz qonida bor”. Vazirning ta’kidlashicha, jahon chempionatidagi uchrashuvda butun mamlakat terma jamoaning “12-o‘yinchisi”ga aylangan.
Yunusobod tumanidagi 12-maktabda tashkil etilgan muxlislar maydonida o‘yinni tomosha qilgan o‘qituvchilar ham milliy terma jamoaning jahon chempionatidagi ishtiroki ular uchun katta voqea ekanini bildirdi. Kimyo fani o‘qituvchisi Ozoda Safarovaning aytishicha, maktab jamoasi tadbirga tayyorgarlik jarayonlarida ham faol qatnashgan. “Terma jamoamizning muxlislarimiz. O‘yinning har bir soniyasini hayajon bilan kuzatdik. Mening prognozim 3:0 edi, yutishimiz kerak edi. O‘yinchilarimizga oson emas, ular katta bosim ostida harakat qilmoqda va jahon chempionati muhitiga moslashishi kerak. Shunga qaramay, jamoa yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Hali oldinda bir nechta o‘yin bor. Biz yigitlarga ishonamiz”, — dedi o‘qituvchi. U terma jamoa futbolchilaridan Abbosbek Fayzullayev va Eldor Shomurodovning harakatlarini alohida e’tirof etdi.
Ozoda Safarova tarmoqlarda tarqalgan o‘qituvchilarni o‘yin tomoshasiga majburiy jalb qilish haqidagi xabarlar yuzasidan munosabat bildirarkan, bunday holatga duch kelmagani va tadbirda ixtiyoriy ravishda ishtirok etganini qayd etdi: “Biz bu kunni ancha vaqtdan beri kutgandik. Barchamiz o‘z xohishimiz bilan keldik. Bu — O‘zbekiston va vatanimizni qo‘llab-quvvatlash uchun qilinyapti”.
Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Jahongir Poziljonov ham milliy jamoaning jahon chempionatidagi ishtiroki haqida o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi: “Bu — dahshatli darajada quvonchli voqea. Biz bu kunni 34 yil kutdik. Dadam, amakilarim ham O‘zbekiston terma jamoasiga muxlislik qilgan, lekin bu kunlarni ko‘rish nasib etmadi. Bizga nasib qildi. Bu yangi O‘zbekistonning katta yutuqlaridan biri”. U jahon chempionati munosabati bilan maxsus qo‘shiq ham yaratilganini ma’lum qildi: “Mundial uchun yangi qo‘shiq yozganmiz. Hozir yoshlar festivali va Yoshlar oyligi doirasida aynan shu qo‘shiq bilan targ‘ibot ishlarida qatnashyapmiz”.
Source: www.gazeta.uz