Toshkent investitsiya forumida Incheon International Airport Corporation biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Li San Yon Toshkentni yirik yo‘lovchi tashish habiga aylantirish uchun jismoniy infratuzilma qurishning o‘zi yetarli emasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, investorlar va operatorlar endi nafaqat terminallar va uchish-qo‘nish yo‘laklari kabi “hardware”ga, balki tartibga solish, kadrlar, texnologiyalar va aviatsiya ekotizimi sifatini o‘z ichiga olgan “software”ga ham e’tibor qaratmoqda.
Li San Yon Toshkentning hab salohiyatini ro‘yobga chiqarishga to‘sqinlik qiluvchi beshta muhim kamchilikni sanab o‘tdi: me’yoriy-huquqiy va siyosiy cheklovlar, malakali kadrlar yetishmasligi, aviatsiya ekotizimidagi nomutanosiblik, raqamli va texnologik uzilishlar, hamda samolyot yetkazib berishdagi kechikishlar. U eng tashvishli omil sifatida me’yoriy-huquqiy va siyosiy kamchilikni ko‘rsatdi.
O‘zbekiston hududiy aeroportlarda “open sky” rejimini joriy etgan bo‘lsa-da, Toshkent istisno bo‘lib qolmoqda. Bu milliy tashuvchini himoya qiladi, biroq xorijiy aviakompaniyalar ishtirokini cheklab, aviatashuvlar o‘sishini jilovlaydi. Li San Yon ta’kidlashicha, investorlar uchun hukumatning aviatsiya bozorini liberallashtirish bo‘yicha bosqichma-bosqich yo‘l xaritasini amalga oshirayotganiga oid tasdiq zarur.
Ikkinchi muammo – malakali aviatsiya kadrlarining yetishmasligi. Uchuvchilar, muhandislar va aeroportlarni boshqarish bo‘yicha mutaxassislar tanqisligi mavjud bo‘lib, bunday tajriba ko‘pincha import qilinadi. Kadrlar tayyorlash uzoq vaqt talab qiladi va oldindan boshlanmasa, aeroportlar faoliyatida qiyinchiliklar yuzaga kelishi mumkin.
Uchinchi qiyinchilik – ekotizimdagi nomutanosiblik: Toshkent aeroporti trafigining 52% milliy aviatashuvchi hissasiga to‘g‘ri keladi, bu esa bir o‘yinchiga haddan tashqari bog‘lanib qolish xavfini yaratadi. Xususiy aviatsiya sektori zaifligicha qolmoqda, so‘nggi bankrotlik holatlari (Humo Air, Panorama Airways) buni tasdiqlaydi.
To‘rtinchi uzilish – raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt bilan bog‘liq. Dunyo sayohatchilarining 65 foizi sayohatlarini rejalashtirishda sun’iy intellektdan foydalanmoqda, ammo O‘zbekiston haqida ma’lumotlar yetishmasligi sababli mamlakat yangi avlod qidiruv vositalari uchun “ko‘rinmas” bo‘lib qolish xavfi bor.
Beshinchi xavf – samolyotlarni yetkazib berishdagi kechikishlar va global ishlab chiqaruvchilarning haddan tashqari bandligi. Boeing va Airbus’dagi uzun navbatlar aviaparkning jadal kengayishini sekinlashtirishi mumkin, bu esa infratuzilmadan to‘liq foydalanilmasligiga olib keladi.
Li San Yon aviatsiya sohasini isloh qilish bo‘yicha yo‘l xaritasini huquqiy jihatdan mustahkamlashni tavsiya qildi. “Shunda har bir ishtirokchi nima, qanday va qachon qilish kerakligini tushunadi”, dedi u. Ekspertning fikricha, hab maqomiga erishish juda murakkab va yagona muhitsiz bu tasavvurni ro‘yobga chiqarib bo‘lmaydi.
Source: www.gazeta.uz