Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Bulung‘ur tumanidagi 22-maktabning 6-sinf o‘quvchisi o‘z joniga qasd qilgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. “Ezgulik” inson huquqlarini himoya qilish jamiyati raisi Abdurahmon Tashanovning ma’lumotiga ko‘ra, voqea joriy yilning 5 mart kuni sodir bo‘lgan.

Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, 12 yoshli Diyorbek Akbarov bo‘g‘ilish natijasida vafot etgan. Ekspertiza xulosasida, shuningdek, qattiq jism bilan urilgan jarohatlar ham qayd etilgan. Tergov davomida bu jarohatlar sinf rahbari (ayol) tomonidan yog‘och reyka bilan kaltaklash natijasida olingan bo‘lishi mumkinligi aniqlangan.

Huquq himoyachining so‘zlariga ko‘ra, o‘quvchi sinfdoshiga nisbatan hazil qilgani uchun o‘qituvchi tomonidan jazolangan. Shundan so‘ng u uyiga tushkun holatda qaytgan va ko‘p o‘tmay o‘z joniga qasd qilgan. Huquq himoyachining ta’kidlashicha, bola voqea sodir bo‘lgan paytda maktab formasida bo‘lgan.

Marhumning onasi Zarifa Shodmonova bir necha oy davomida turli davlat organlariga murojaat qilganini bildirdi. Bulung‘ur tuman prokuraturasining 3 iyundagi xatiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 103-moddasi 2-qismi “b” bandi (O‘z joniga qasd qilish darajasiga yetkazish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Onaning so‘zlariga ko‘ra, u hali jabrlanuvchi sifatida so‘roq qilinmagan va ish bo‘yicha gumon qilinuvchilar haqida rasmiy ma’lumot yo‘q. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi yoki huquqni muhofaza qilish organlaridan rasmiy izohlar hali kelib tushmagan.

Source: kun.uz