Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) O‘zbekiston milliy temir yo‘l operatori “O‘zbekiston temir yo‘llari”ni raqamli modernizatsiya qilish uchun moliyalashtirish ajratadi.
Ushbu loyiha mamlakat davlat sektoridagi birinchi shunday loyiha bo‘lib, YTTB 38,4 mln yevrogacha kredit ajratadi. Mablag‘lar poyezdlar harakati va transport oqimlarini boshqarishning raqamli tizimlarini joriy etish, shuningdek, kiberxavfsizlikni kuchaytirishga yo‘naltiriladi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” taxminan 6 950 km uzunlikdagi temir yo‘l tarmog‘ini boshqaradi va mamlakatdagi yuk tashishlarning 40% gacha qismini ta’minlaydi. Loyiha doirasida dispetcherlik, rejalashtirish va operativ nazorat jarayonlarini avtomatlashtirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu qo‘lda bajariladigan operatsiyalarni zamonaviy raqamli yechimlar bilan almashtirish imkonini beradi.
Xalqaro standartlarga muvofiq kiberxavfsizlik tizimlarini joriy etishga alohida e’tibor qaratiladi, bu temir yo‘l transportining ishonchliligi va xavfsizligini oshirishi kerak.
Xabarga ko‘ra, bugungi kunga qadar YTTB O‘zbekistonga 210 loyiha doirasida taxminan 6,9 mlrd AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritgan.
Ma’lumki, “O‘zbekiston temir yo‘llari” va YTTB transport va magistral harakatini boshqarish axborot tizimlarini joriy etish hamda kiberbarqarorlikni oshirish bo‘yicha loyihani amalga oshirish to‘g‘risidagi kelishuvni 17 iyun kuni beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida imzolagan edi.
“Loyiha temir yo‘l sohasini yanada raqamli transformatsiya qilish, transport boshqaruvi jarayonlarini takomillashtirish va kompaniya faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan. Loyihani amalga oshirish temir yo‘l transportini rivojlantirish va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratish imkonini beradi”, deyiladi “O‘zbekiston temir yo‘llari” matbuot xizmati xabarida.
Source: kun.uz