Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Farg‘ona viloyati, Yozyovon tumanidagi “Soybuyi” mahallasida joylashgan noturarjoy binoda katta yong‘in sodir bo‘ldi. Binoda kuz-qish mavsumida baliq qovurilib sotilgan, so‘nggi paytlarda esa noqonuniy ravishda neft mahsulotlari saqlangan.

Yong‘in 16-iyun kuni soat 22:16 da chaqxonada sodir bo‘lgan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, binoda kuz va qish oylarida tashrif buyuruvchilar uchun baliq qovurilgan, qolgan vaqtda esa neft mahsulotlari noqonuniy saqlangan.

Yong‘in dizel yoqilg‘isining portlashi natijasida kelib chiqqan. Natijada binoning 60 kvadrat metri va uchta avtomobil — Labo, Hyundai va Mercedes-Benz shikastlangan.

Yozyovon tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori o‘rinbosari Abdulaziz G‘oyipovning ma’lumotiga ko‘ra, II-III darajali termal kuyishlar bilan A.X. (1976 y.t.) va Z.O. (1999 y.t.), shuningdek, O.O. (2012 y.t.) tanasining 100 foizi kuygan, nafas yo‘llari kuyishi va og‘ir darajadagi kuyish shoki tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilgan. Ko‘rsatilgan yordamga qaramay, 14 yoshli bemor vafot etgan. Ikki kishi og‘ir ahvolda qolmoqda.

Farg‘ona viloyati FVB favqulodda vaziyatlar profilaktikasi bo‘limi boshlig‘i Axliddin Alijonovning aytishicha, qutqaruvchilar yetib kelganida ikki kishi voqea joyida halok bo‘lgan. Uch nafar jabrlangan shoshilinch kasalxonaga yotqizilgan.

“Yong‘in neft mahsulotlarini quyish vaqtida xavfsizlik texnikasi qoidalarini buzish natijasida kelib chiqqan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, noturarjoy binoda fuqarolar noqonuniy ravishda neft mahsulotlarini saqlagan. Hozirda yong‘in sababi va yetkazilgan zarar miqdori aniqlanmoqda”, — dedi Alijonov.

Source: kun.uz