Jizzax viloyatining Bahmal tumanida 18 iyun kuni kuchli yomg‘irlar sabab tog‘li va tog‘ oldi hududlarida sel oqimi sodir bo‘ldi.
Ichki ishlar organlari ma'lumotlariga ko‘ra, sel oqimi Jum-Jum qishlog‘i hududidan oqib o‘tadigan tog‘ daryosi o‘zani bo‘ylab harakatlangan. Ushbu hududda joylashgan “Jum-Jumsoy” dam olish zonasida 32 kishi bo‘lgan. Sel oqimi, shuningdek, Nushkent mahallasi hududiga ham ta'sir ko‘rsatgan va keyin tabiiy o‘zan bo‘ylab davom etgan.
Hodisa joyiga tezkor chora ko‘rish uchun ichki ishlar organlari xodimlari – huquqbuzarliklar profilaktikasi, patrul-post xizmati va yo‘l harakati xavfsizligi xizmati, shuningdek, FVV, Milliy gvardiya, hokimiyat va boshqa vakolatli idoralar vakillari yetib kelgan.
Sel oqimi natijasida halok bo‘lgan va jabrlanganlar yo‘q. Barcha dam oluvchilar tezda xavfsiz joyga evakuatsiya qilingan.
Tabiiy ofat “Jum-Jumsoy” dam olish zonasiga olib boradigan ko‘prikka va sel yo‘lidagi uchta avtomobilga (ikkita “Damas” va bitta “Gentra”) qisman zarar yetkazgan. Turar-joy binolari, uy hayvonlari va boshqa inshootlar zarar ko‘rmagan.
Sel oqimining oqibatlari to‘liq bartaraf etilgan.
Source: kun.uz