Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Namangan viloyati Davlatobod tumani IIB UKD katta tergovchisi D.O. zo‘rlash jinoyatini yashirib, hujjatlarni qalbakilashtirgani uchun jinoiy javobgarlikka tortildi. Kun.uz sud hujjatlari bilan tanishdi.

Sud hukmiga ko‘ra, 2025-yil 14-martda fuqaro D.K. tumandagi aviakassa binosida noma’lum shaxs tomonidan zo‘rlanganini ariza qilib bergan. Tergovchi D.O. o‘z vakolatini suiiste’mol qilib, gumonlanuvchi V.V. nomidan soxta tushuntirish xati yozgan va uning imzosini qalbakilashtirgan.

Ushbu harakatlari bilan tergovchi jinoyatni yashirib, V.V.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror chiqargan. Keyinchalik u prokuratura nomidan soxta hujjat tayyorlab, prokuror o‘rinbosarining elektron imzosini qo‘ygan.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, tushuntirish xatidagi imzo V.V.ga tegishli emas. Prokuror o‘rinbosari rad etish qarorini bekor qilgan, biroq tergovchi hujjatlarni yo‘q qilgan.

2025-yil iyun-iyul oylarida V.V. yana ikki marta, jumladan, voyaga yetmagan qizga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan. U 9 yilga qamalgan.

Sudda D.O. aybini tan olmagan va imzoni qalbakilashtirmaganini da’vo qilgan. Biroq, jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatmalari bilan aybi isbotlangan.

2026-yil 30-martda Namangan shahar sudi D.O.ni mansab vakolatini suiiste’mol qilish, hujjatlarni qalbakilashtirish va yo‘q qilishda aybdor deb topib, 3 yil 1 oyga qamagan. Apellyatsiya natijasida muddat 3 yil 25 kunga qisqartirilgan.

Source: kun.uz