Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Markaziy Osiyoda suv resurslari keskin kamayib, talab esa oshib borayotgan bir paytda, FAO ma’lumotlariga ko‘ra, mintaqada suv tanqisligi darajasi qariyb 70 foizga yetgan. Bu jahondagi o‘rtacha 12 foizlik ko‘rsatkichdan deyarli to‘rt baravar yuqori bo‘lib, mintaqa mamlakatlari har yili o‘z ixtiyoridagi qayta tiklanadigan suv resurslarining 70 foizidan foydalanmoqda.

Toshkent xalqaro investitsiya forumida bo‘lib o‘tgan “Suv-energiya-oziq-ovqat uzviyligi” panelida ekspertlar suv inqirozining iqtisodiy va ekologik oqibatlarini muhokama qildi. Boston Consulting Group direktori Igor Alekseyevning so‘zlariga ko‘ra, yaqin 10-20 yil ichida aholi va iqtisodiyot o‘sishi tufayli suvga bo‘lgan umumiy talab 23 foizga oshadi. 2040-yilga borib sanoatda suv ehtiyoji 150 foizga, kommunal sohada 60 foizga, qishloq xo‘jaligida esa 15 foizga ortadi.

FAO mutaxassisi Ahmad Razo so‘nggi 50 yil ichida mintaqadagi muzliklar maydoni 30 foizga qisqarganini, bu esa suv ta’minotiga bevosita ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi. Biroq muammo faqat iqlim o‘zgarishi bilan cheklanmaydi: samarasiz sug‘orish tizimi, tuproq sho‘rlanishi va yerlar degradatsiyasi O‘zbekiston hududining 80 foizini qamrab olgan bo‘lib, YAIMning 5 foiziga teng iqtisodiy zarar keltirmoqda.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi maslahatchisi Nuriddin Qo‘shnazarov mamlakat YAIMning 19 foizi va bandlikning 27 foizi agrooziq-ovqat sektoriga to‘g‘ri kelishini, shu bilan birga qishloq xo‘jaligi suv resurslarining 90 foizini iste’mol qilishini ma’lum qildi. 2050-yilga borib ishlab chiqarish 20 foizga kamayishi mumkin, hukumat esa 2025-yilda 40 mlrd dollarga yetgan ko‘rsatkichni 60 mlrd dollarga oshirishni rejalashtirmoqda.

Strategy& (PwC) hamkori doktor Shihob Elborai O‘zbekistonda har bir kub metr suv iqtisodiyotga 2,9 dollarlik YAIM keltirishini, jahon o‘rtacha ko‘rsatkichi esa 23 dollarni tashkil etishini ta’kidladi. Suvdan samarasiz foydalanish mintaqa iqtisodiyoti uchun 5 mlrd dollarlik boy berilgan imkoniyatlarni anglatadi, infratuzilmani modernizatsiya qilish uchun esa 40 mlrd dollar sarmoya zarur.

Ekspertlar suv inqirozini hal qilishda davlat, biznes va ilmiy hamjamiyat hamkorligi zarurligini, shuningdek, suvning real iqtisodiy qiymatini shakllantirish lozimligini qayd etdi. Biroq fermerlarning og‘ir ahvoli sababli tariflarni oshirish masalasi munozarali bo‘lib qolmoqda.

Source: www.gazeta.uz