Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

“Temiryo‘lkargo” aksiyadorlik jamiyati Janubiy Koreyadan O‘zbekistonga navbatdagi (kompaniyaga ko‘ra, uchinchi) Hyundai Rotem tezyurar yo‘lovchi poyezdini olib kelish bosqichini yakunladi. Yuk qit’alararo multimodal yo‘nalish orqali olib kelindi, deya xabar bermoqda kompaniya matbuot xizmati.

Kompaniya mutaxassislari loyiha uchun Janubiy Koreya — Xitoy — Qozog‘iston — O‘zbekiston maxsus tranzit marshrutini ishlab chiqqan. Ushbu yo‘nalishda dengiz, avtomobil va temiryo‘l transporti imkoniyatlari samarali tizimga birlashtirilgan. Loyiha davomida logistik yechimlar amalga oshirilgan.

Bu jarayonda “Temiryo‘lkargo” xalqaro multimodal logistika operatori sifatida yetakchi rolni bajargan. Tashuvlar ishlab chiqaruvchi zavoddan O‘zbekistondagi yakuniy manzilgacha “eshikdan-eshikkacha” tamoyili asosida tashkil etilgan.

Yuqori tezlikdagi Hyundai Rotem elektropoyezdlarini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma 2024-yil iyun oyida Janubiy Koreya prezidentining O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida imzolangan edi. Loyihaning umumiy qiymati 220,03 mln yevroga baholangan. O‘zbekiston 21,3 mln yevro, “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi 13,5 mln yevro, Koreya Eksimbanki esa 10 yillik imtiyozli davr bilan 40 yil muddatga 185,18 mln yevro ekvivalentida Koreya vonida kredit ajratadi.

Yangi poyezd uchun uzunligi 465 km bo‘lgan “Buxoro-Urganch-Xiva” yo‘nalishi elektrlashtirildi. Yaqin yillarda 196 kilometrlik “Miskin — Nukus” temiryo‘l tarmog‘i elektrlashtiriladi. Buning natijasida Toshkentdan Nukusgacha bo‘lgan yo‘l vaqti 16 soatdan 7 soatgacha qisqarishi kutilmoqda.

Loyiha doirasidagi dastlabki 7 ta vagondan iborat poyezd 2025-yilning 10-dekabrida Janubiy Koreyaning Changvon shahridagi Masan portidan jo‘natilgan va fevral oyida O‘zbekistonga yetib kelgan. 5-may kuni Toshkent-Xiva yo‘nalishi bo‘yicha Hyundai Rotem yuqori tezlikdagi elektropoyezdi muntazam qatnovlarni boshlagan. Chipta narxi 780 ming so‘mdan boshlanadi.

Transport vaziri Ilhom Mahkamovning ma’lum qilishicha, hozirda Toshkent — Andijon va Toshkent — Termiz temiryo‘l liniyalarini modernizatsiya qilish, shuningdek, mazkur yo‘nalishlarda 8 ta yuqori tezlikdagi Hyundai Rotem elektropoyezdini yo‘lga qo‘yish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Avvalroq ushbu poyezdlardan 6 tasini yetkazib berish rejalashtirilgani aytilgan edi.

Hyundai Rotem kompaniyasi Toshkent-Andijon va Toshkent-Termiz yo‘nalishlari uchun sakkizta yuqori tezlikdagi elektropoyezdni O‘zbekistonga yetkazib berishi mumkinligi xabar qilingandi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniya bilan loyihaning texnik shartlarini yakuniy kelishish masalalarini muhokama qilgan.

Source: www.gazeta.uz