Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston milliy futbol terma jamoasi bosh murabbiyi jahon chempionatidagi ilk taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. Murabbiy sifatida bu butunlay boshqa hissiyotlar ekanini ta’kidladi: “Futbolchi sifatida turnirdan ko‘proq zavqlanish mumkin, ammo murabbiy ko‘p narsalarni kuzatishi, jarayonlarni nazorat qilishi va jiddiy tayyorgarlik ko‘rishi kerak. Ichki hayajon va quvonch bor, ammo diqqat butunlay jamoaga qaratiladi.”

Kolumbiyaga qarshi o‘yindan xulosalar haqida gapirar ekan, murabbiy xatolarning narxi juda yuqori ekanligini qayd etdi: “Biz yaxshi o‘yin o‘tkazdik, jamoaviy, agressiv va intizomli harakat qildik. Ammo bir lahza diqqatni yo‘qotsangiz yoki raqibni nazoratsiz qoldirsangiz, jazo muqarrar. Birinchi golga olib kelgan vaziyatga uzoq tayyorgarlik ko‘rgan edik, baribir xatoga yo‘l qo‘ydik. Ikkinchi gol autdan keyin keldi. Men futbolchilarga markaz orqali o‘ynash xavfli ekanini aytgan edim. Bunday xatolarni kamaytirishimiz kerak.”

Ikkinchi bo‘limdan qoniqqanini bildirgan murabbiy: “Men har doim futbolchilarga to‘p bizda bo‘lsa, o‘z futbolimizni ko‘rsatishimiz kerakligini aytaman. Qo‘rqmaslik, o‘ziga ishonish va o‘yindan zavqlanish lozim. Ikkinchi bo‘limda jamoa buni ko‘rsatdi: gol urdik, o‘yinni nazorat qilishga harakat qildik, yana imkoniyatlar yaratdik. Afsuski, uchinchi golni o‘tkazib yubordik va bu og‘ir zarba bo‘ldi.”

Navbatdagi raqib Portugaliya haqida murabbiy: “Men futbolchilarga bosimni kamaytirishga harakat qilaman, chunki jahon chempionatining eng kuchli jamoalaridan biriga qarshi o‘ynaymiz. Portugaliyada ko‘plab yulduz futbolchilar bor. Ularning eng mashhuri Krishtianu Ronaldu – afsona va so‘nggi 20 yilning eng buyuk futbolchilaridan biri, Lionel Messi bilan bir qatorda. Portugaliya to‘pni nazorat qilishni yaxshi ko‘radi, qisqa uzatmalar orqali o‘ynaydi va har qanday vaziyatda xavf tug‘dirishga qodir. Shuning uchun himoyada juda intizomli bo‘lishimiz kerak. Ammo to‘p bizda bo‘lganda, ularga muammo tug‘dirishga harakat qilamiz.”

Ronaldu haqida alohida to‘xtalib: “Ronaldu buyuk futbolchi va katta yulduz, ammo o‘yin boshlangandan keyin buni unutish kerak. Faqat o‘z vazifamiz haqida o‘ylashimiz lozim. Maydon tashqarisida futbolchilar o‘rtasida munosabatlar yaxshi bo‘lishi mumkin, lekin maydonda siz do‘st emassiz. U yerda faqat jamoangiz manfaatlari haqida o‘ylash kerak.”

Murabbiy jamoasining jahon chempionatida qanday esda qolishini istaydi: “Men O‘zbekistonni birinchi marta jahon chempionatida o‘ynayotgan, ammo kuchli raqiblardan qo‘rqmaydigan jamoa sifatida esda qolishini xohlayman. Biz go‘zal futbol ko‘rsatadigan, yaxshi tashkil etilgan va intizomli jamoa bo‘lishimiz kerak. Biz barcha raqiblarni hurmat qilamiz va ular ham bizga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lishini istaymiz.”

Eslatib o‘tamiz, 2026 yilgi jahon chempionati K guruhining ikkinchi turida O‘zbekiston va Portugaliya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv ertaga, 23 iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da boshlanadi.

Source: uznews.uz