O‘zbekiston rahbarining qizi Saida Mirziyoyeva Qozog‘istonga amalga oshirgan tashrifi yakunlari haqida ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma’lum qildi.
«O‘zbekiston Toshkent xalqaro moliyaviy markazini yaratishni rejalashtirayotganini hisobga olib, biz uchun Qozog‘iston tajribasini o‘rganish ayniqsa qimmatlidir. Tajriba almashish nafaqat mamlakatlarimiz, balki butun Markaziy Osiyoning investitsion jozibadorligini oshirishga xizmat qilishiga ishonaman», — dedi Mirziyoyeva.
«Astana» xalqaro moliyaviy markazi 2018-yilda EXPO-2017 infratuzilmasi negizida tashkil etilgan. Markaz ingliz umumiy huquqi tamoyillari asosida ishlaydi, mustaqil sud va xalqaro arbitraj markaziga ega. Bugungi kunda AIFC investitsiyalarni jalb qilish, kapital bozorlari, fintex, islomiy moliyalashtirish va boshqa moliyaviy yo‘nalishlarni rivojlantirish platformasi hisoblanadi.
Avvalroq O‘zbekistonda Toshkent xalqaro moliyaviy markazini yaratish rejalari e’lon qilingan edi. Ushbu markaz investitsiyalar, xalqaro kompaniyalarni jalb qilish va zamonaviy moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish maydonchasi bo‘lishi kutilmoqda.
Source: uznews.uz