Shavkat Mirziyoyev 22-iyun kuni O‘zbekistondagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Ozarbayjonning favqulodda va muxtor elchisi Guseyn Guliyevni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari Ozarbayjon elchisining samarali faoliyati hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasini alohida qayd etdi.
So‘nggi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi karrasiga oshgani, Ozarbayjon sarmoyasi ishtirokida 280 ta korxona tashkil etilgani, Qo‘shma investitsiya kompaniyasi ta’sis qilingani ta’kidlandi.
Ayni paytda geologiya, qishloq xo‘jaligi, transport, shaharsozlik, to‘qimachilik, farmatsevtika va boshqa tarmoqlardagi kooperatsiya loyihalari faol pallaga kirgani aytildi.
Uchrashuv yakunida davlat rahbari elchi Guseyn Guliyevga O‘zbekiston bilan Ozarbayjon o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi uchun “Mehnat shuhrati” ordenini topshirdi.
Elchi, o‘z navbatida, uning diplomatik missiyasiga berilgan yuksak baho hamda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlik rivojini har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani uchun mamlakat yetakchisiga minnatdorlik bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, Guseyn Guliyev 2022-yilda “Do‘stlik” ordeni bilan ham mukofotlangandi.
Source: www.gazeta.uz