Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Yil boshidan buyon Toshkent sudlariga pulli avtoturargoh inspektorlariga nisbatan haqorat yoki boshqa noo‘rin xatti-harakatlar bilan bog‘liq 28 ta ish kelib tushgan. Bu o‘rtacha haftasiga bittadan ortiq ish degani. 26 ta ish bo‘yicha sudlar allaqachon qaror chiqargan, 2 ta ish ko‘rib chiqilmoqda, ulardan biri bo‘yicha tergov javobgar bilan bog‘lana olmayotgani sababli ish hali yopilmagan. Bu haqda poytaxtdagi pulli yo‘l bo‘yi avtoturargohlari operatori Poytaxt Parking vakillari ma’lum qildi.

Kompaniyada qayd etilishicha, eng ko‘p uchraydigan holatlar — haqoratlar, ayniqsa, kompaniya xodimlarining ko‘pchiligini tashkil etuvchi kar-soqov inspektorlarga nisbatan haqoratlardir. Haydovchilar hatto ayollarni ham so‘z va imo-ishoralar bilan haqorat qilishdan tortinmaydi. Ular inspektorlarni turtadi, to‘xtash haqini to‘lash haqidagi bildirishnomalarni yirtib, g‘ijimlab, yuzlariga otadi, planshetlarni tortib olishga urinadi. Haydovchi inspektorni bosib ketishga uringan holat ham qayd etilgan.

Bugungi kunda kompaniyada 54 nafar kar-soqov inspektor ish bilan ta’minlangan (jami inspektorlar soni taxminan 90 nafardan ortiq), ulardan 14 nafari ayollardir. Oy oxirigacha yana 6 nafar xodim ishga qabul qilinishi kutilmoqda. Eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan xodimlarning bir qismi avval ko‘chalarda norasmiy tarzda “parkovkachi” bo‘lib ishlagan.

Kompaniya bosh menejeri Jahongir Toshpo‘latov: “Biz xodimlarimizga nisbatan haqorat va hujumlar bilan bog‘liq har bir holatga juda jiddiy qaraymiz. Haydovchi kim bo‘lishidan qat’i nazar, barcha ishlar sudgacha yetib borishiga erishamiz”, — dedi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim haydovchilar o‘zlarini noto‘g‘ri tutganini anglab, uzr so‘raydi va ishni sudgacha olib bormaslikni iltimos qiladi, biroq kompaniya bu masalada qat’iy pozitsiyada.

Barcha inspektorlarda voqealarni onlayn rejimda yozib boradigan bodikameralar mavjud. Ular ovozli aloqa funksiyasiga ham ega bo‘lib, u orqali kompaniyaning monitoring va xavfsizlik xizmati xodimlari haydovchiga murojaat qilishi mumkin. Hodisa yuz bergan taqdirda, xizmat vakillari tezkor ravishda voqea joyiga yetib keladi. Yozuvlar sudda dalil sifatida qo‘llaniladi.

Sudlar odatda ishlarni tezkor ko‘rib chiqadi, biroq ayrim hollarda jarayon tushunarsiz sabablarga ko‘ra cho‘zilib ketadi. Kompaniya turli instansiyalarga qayta-qayta murojaat qilishga, ishonch telefonlari va “portal” (Prezident Xalq qabulxonasi) orqali shikoyatlar yuborishga majbur bo‘ladi.

Jahongir Toshpo‘latov haydovchilar bilan muloqotdagi stress tufayli ayrim inspektorlar kompaniyani tark etishini tan oldi. Xodimlar bilan treninglar o‘tkazilishiga qaramay, bunday yuklamani ko‘tarish oson emas. Kompaniya inspektorlarga yordam berish uchun psixologni jalb qilishni rejalashtirmoqda.

Poytaxt Parking kompaniyasi kar-soqov inspektorlar o‘z ishiga juda mas’uliyat bilan yondashishini ta’kidlaydi. Ularning ko‘pchiligi uchun bu shunchaki ish emas, balki jamiyatga foyda keltiradigan ishga daxldorlik hissidir.

Quyida bir nechta aniq holatlar keltiriladi. 7-fevral kuni Yakub Kolas ko‘chasida kar-soqov inspektor Hilola Dulonova BYD avtomashinasi turganini qayd etgan. Haydovchi inspektorni haqorat qilgan. Sud faqat 2,5 oydan keyin — 21-aprel kuni bo‘lib o‘tdi. 41 yoshli haydovchi A.R. haqorat qilish moddasi bo‘yicha aybdor deb topilib, 8,24 mln so‘m jarimaga tortildi.

23-fevral kuni Yangi Qo‘yliq ko‘chasida kar-soqov inspektor Ahmad Axmedov somsa savdo shoxobchasi pulli avtoturargoh hududiga reklama bannerini o‘rnatganini payqadi. Muassasa egalari inspektorni haqorat qilgan. Ayolga nisbatan mayda bezorilik moddasi bo‘yicha 1,236 mln so‘m jarima tayinlandi.

29-aprel kuni Parkent ko‘chasida kar-soqov inspektor Sohib Jo‘rayev Tesla avtomashinasini qayd etib, haydovchini xabardor qildi. Norozi erkak inspektorni haqorat qilib, uning planshetini sindirdi. Javobgar chet elga chiqib ketgani sababli ichki ishlar organlari u bilan bog‘lana olmayapti.

13-iyun kuni Zulfiyaxonim ko‘chasida kar-soqov inspektor Mansur Po‘latov Matiz avtomashinasini qayd etdi. Haydovchi inspektorni turtib yubordi va haqorat qildi. Sud 30 yoshli haydovchini mayda bezorilik moddasi bo‘yicha aybdor deb topib, 7 sutka qamoq jazosini tayinladi.

17-iyun kuni Sodiq Azimov ko‘chasida kar-soqov inspektor Dinura Fotihxo‘jayeva Tracker avtomashinasini qayd etdi. Erkak uni haqorat qildi. 56 yoshli haydovchining shaxsi aniqlangan, ish ko‘rib chiqish jarayonida.

Poytaxt Parking deyarli har kuni pulli avtoturargoh infratuzilmasiga zarar yetkazish holatlariga duch keladi. Yil boshidan buyon 85 ta vandalizm holati qayd etilgan. Turli kompaniya va tashkilotlar vakillari, shuningdek, aholi yo‘l belgilari, bordyurlar, trotuarlar va stop-toshlarni sindirmoqda.

Kompaniya ichki ishlar organlariga mulkni qasddan nobud qilish moddasi asosida chora ko‘rish so‘rovi bilan murojaat qilmoqda. Ayrim holatlarda aybdorlar aniqlanadi, sudlar jarima tayinlaydi va yetkazilgan zararni qoplash majburiyatini yuklaydi. Biroq ko‘p holatlarda aybdorlarni aniqlashning iloji bo‘lmayapti va ishlar “osilib” qolmoqda.

Jahongir Toshpo‘latov ta’kidlashicha, parkovka uskunalari va infratuzilmasiga shikast yetkazilganda, gap shahar mulkiga zarar yetkazilishi haqida ketmoqda: “Biz investor sifatida ushbu uskunalarni o‘z mablag‘imiz hisobidan o‘rnatyapmiz, biroq loyiha shartlariga ko‘ra, ular oxir-oqibat shahar balansiga o‘tkaziladi. Shuning uchun parkovka infratuzilmasiga shikast yetkazish — bu shahar va uning aholisiga yetkazilgan zarardir.”

Source: www.gazeta.uz