O‘zbekistonda poraxo‘rlik bilan bog‘liq jinoyatlar uchun hukm qilingan ayrim shaxslarga nisbatan shartli ravishda muddatidan oldin ozod qilish (ShMOQ) taqiqlandi. Prezident tomonidan 22-iyun kuni imzolangan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish va korrupsion jinoyatlar uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, bu institut endi pora olgan, bergan va vositachilik qilgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Qonunga ko‘ra, ShMOQ quyidagi toifadagi shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi: porani o‘ta ko‘p miqdorda olganlar, ushbu jinoyatni takror sodir etganlar yoki xavfli retsidivist deb topilganlar, shuningdek, pora bergan va poraxo‘rlikda vositachilik qilgan shaxslar. Ushbu chora korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish va jazolarning muqarrarligini ta’minlash maqsadida qabul qilindi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan, ya’ni 23-iyundan kuchga kirdi. Jinoyat kodeksiga ko‘ra, “o‘ta ko‘p miqdor” 500 bazaviy hisoblash miqdoridan (BHM) oshadigan summani anglatadi. Hozirda bu chegara 206 million so‘mni tashkil etadi, 2026-yil 1-sentabrdan esa (BHM oshirilgandan keyin) 220 million so‘mga yetadi.
Avvalroq Kun.uz ushbu qonun asosida korrupsionerlar reyestri joriy etilishi va unga kiritilgan shaxslar uchun davlat xizmatiga kirish taqiqlanishi haqida xabar bergan edi.
Source: kun.uz