Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston va Shveytsariya o‘rtasidagi restitutsiya kelishuvi doirasida tashkil etilgan “Ishonch” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan birinchi dastur yakunlandi. Ushbu dasturga 43,5 million AQSh dollari yo‘naltirilib, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish tizimini rivojlantirishga sarflandi.

“Har bir ona va bola yashaydi va rivojlanadi: O‘zbekiston perinatal markazlarida ona va bola o‘limini kamaytirish” loyihasi 2023-yil sentyabr oyida boshlangan bo‘lib, UNICEF, UNFPA va JSST bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Mablag‘lar perinatal muassasalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga yo‘naltirildi.

Loyiha doirasida respublika bo‘ylab 231 ta perinatal muassasa zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. 31 million dollardan ortiq mablag‘ga inkubatorlar, sun’iy nafas olish apparatlari, anesteziologik tizimlar va boshqa jihozlar xarid qilindi. 80 mingdan ortiq tibbiyot xodimlari zamonaviy perinatal yordam, murakkab homiladorlikni boshqarish, erta tug‘ilgan chaqaloqlarni parvarish qilish va laboratoriya diagnostikasi bo‘yicha malaka oshirdi. Shuningdek, 49 ta klinik protokol ishlab chiqildi yoki yangilandi.

Shveytsariya elchisi Konstantin Obolenskiyning ta’kidlashicha, noqonuniy o‘zlashtirilgan aktivlarni qaytarish va ulardan shaffof foydalanish Shveytsariya uchun ustuvor vazifa bo‘lib, “Ishonch” jamg‘armasi qaytarilgan mablag‘lar aholi hayot sifatini yaxshilashga xizmat qilishining yorqin namunasidir.

“Ishonch” jamg‘armasi O‘zbekiston va Shveytsariya hukumatlari o‘rtasidagi restitutsiya kelishuvi asosida tashkil etilgan bo‘lib, O‘zbekiston, Shveytsariya, BMT va fuqarolik jamiyati vakillari tomonidan birgalikda boshqariladi. Kelajakda jamg‘arma hisobidan sog‘liqni saqlash va ta’lim sohasida yangi loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Source: kun.uz