Moody's Ratings xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning suveren kredit reytingini Ba3 dan Ba2 darajasiga oshirdi. Reyting bo‘yicha kutilma “ijobiy”dan “barqaror”ga o‘zgartirildi. Bu mamlakatning kreditga layoqatliligi, ya’ni davlatning qarzlarga xizmat ko‘rsatish va investorlar oldidagi majburiyatlarini bajarish qobiliyati yuqoriroq baholana boshlaganini anglatadi.
Agentlik reytingning oshirilishini O‘zbekistonning institutsional va siyosiy bazasi barqaror yaxshilangani, iqtisodiy va budjet istiqbollari mustahkamlangani bilan izohladi. Baholarga ko‘ra, bu o‘zgarishlar davlat siyosati samaradorligi oshganini va mamlakatning tashqi shoklarga chidamliligi yuksalganini ko‘rsatadi.
Moody's O‘zbekiston kredit profilining yaxshilanishi barqaror va diversifikatsiyalashib borayotgan iqtisodiy o‘sish bilan qo‘llab-quvvatlanayotganini qayd etdi. So‘nggi uch yilda real YAIM o‘rtacha 6,9 foizga o‘sgan. Budjet intizomining mustahkamlanishi va shartli majburiyatlarni boshqarishning yaxshilanishi qo‘shimcha omillar sifatida sanab o‘tildi.
Reytingning oshirilishiga asos bo‘lgan islohotlar qatorida korporativ boshqaruvni takomillashtirish, raqobatni kuchaytirish va iqtisodiyotda davlat rolini bosqichma-bosqich qisqartirish choralari alohida ta’kidlandi. Agentlik O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasining (UzNIF) ikki tomonlama listingini qayd etib, bu hukumatning xususiylashtirish va davlat korxonalarini isloh qilish maqsadlariga sodiqligini namoyon etishini bildirdi.
Moody's ma’lumotlariga ko‘ra, may oyida UzNIF listingi natijasida xalqaro investorlarning faol ishtirokida qariyb 691 mln dollar jalb qilingan. Bu bitim investorlarning O‘zbekistondagi islohotlarga ishonchi ortib borayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, davlat sektori hali ham kattaligicha qolayotgani va uni qisqartirish vaqt talab qilishi ta’kidlandi.
Budjet taqchilligi 2023-yilda YAIMga nisbatan 4 foizdan ortiqni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib YAIMning 2 foizigacha qisqargan. Bunga energetika subsidiyalarini isloh qilish, gaz sohasidagi subsidiyalarni YAIMning 1,4 foizidan 0,3 foizigacha kamaytirish, tariflarni oshirish va ijtimoiy yordamni manzilli ko‘rsatish omil bo‘ldi.
Moody's prognozlariga ko‘ra, 2026−2028-yillarda budjet taqchilligi YAIMga nisbatan 3 foizdan past darajada saqlanib qoladi, davlat qarzi esa YAIMning taxminan 35 foizi darajasida barqarorlashadi. Iqtisodiy o‘sish 2025-yilda 7,7 foizga yetgan bo‘lsa, 2026-yilning birinchi choragida 8,7 foizgacha tezlashdi.
O‘sishni Xitoy, Rossiya, Turkiya, Fors ko‘rfazi mamlakatlari va Yevropa Ittifoqidan kirib kelgan investitsiyalar hamda 2025-yilda qayd etilgan 18,9 mlrd dollarlik rekord darajadagi pul o‘tkazmalari qo‘llab-quvvatladi. Agentlik 2026−2027-yillarda iqtisodiy o‘sish sur’ati 6,1−6,3 foizgacha sekinlashishini kutayotgan bo‘lsa-da, bu ko‘rsatkich reytinglanadigan mamlakatlar orasida eng yuqorilaridan biri bo‘lib qoladi.
Reytingning yanada oshishiga islohotlarning barqaror davom ettirilishi, boshqaruv sifati va institutlar samaradorligining yaxshilanishi, davlat korxonalari va banklari bilan bog‘liq fiskal xatarlarning kamaytirilishi, xususiy sektor unumdorligi va investitsiyalari hisobiga iqtisodiy o‘sish bazasining kengaytirilishi olib kelishi mumkin.
Shu bilan birga, islohotlar sekinlashsa yoki ortga qaytsa, budjet ko‘rsatkichlari yomonlashsa, davlat korxonalari, davlat banklari yoki DXSH loyihalarining shartli majburiyatlari yuzaga kelsa, tashqi buferlar zaiflashsa, reytingga pasayish bosimi vujudga kelishi mumkin. Moody's davlat korxonalari va DXSH loyihalarining shartli majburiyatlari YAIMning qariyb 25 foizi darajasida saqlanib qolayotganini ta’kidlaydi.
Reyting oshirilishi O‘zbekiston uchun tashqi bozorlarda qarz olishni osonlashtirishi va arzonlashtirishi mumkin. Suveren yevroobligatsiyalar daromadliligi 2025-yil 22-mayda 6,89 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2026-yil 10-iyunga kelib 5,43 foizgacha pasaygan. Benchmarklarga nisbatan spredlar ham qisqargan.
Vazir maslahatchisi Jasur Qarshiboyevning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat uchun xatarlarni idrok etishning haqiqiy ko‘rsatkichlarga mos kelishiga erishish muhim, aks holda O‘zbekiston qarzlar uchun ortiqcha haq to‘lashi mumkin. Rasmiylar S&P, Fitch va Moody's metodologiyalari bo‘yicha ichki baholashdan o‘tkazib, beshta blokdan to‘rttasi bo‘yicha O‘zbekistonning fundamental ko‘rsatkichlari allaqachon investitsiyaviy reyting darajasiga mos kelishini aniqlagan.
Source: www.gazeta.uz