Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Shavkat Mirziyoyev 25-iyun kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda uy-joy qurish va ta’mirlashda energiya tejovchi materiallardan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha topshiriq berdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Mamlakatda har yili o‘rtacha 65 mingta yakka tartibdagi uy-joy qurilmoqda, yana 200−250 mingta xonadon ta’mirlanmoqda.

“Ochiq aytish kerak, hali ko‘pchilik energiya tejamkor materiallarning afzalligi haqida yetarli xabardor emas. Masalan, 200−250 kvadrat metrli xonadonda qishda o‘rtacha 7−8 mln so‘mli gaz, yoz kunlarida elektrga qo‘shimcha 3−4 mln so‘m sarflanyapti”, — dedi prezident.

Davlat rahbari tomonidan keltirilgan Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 1 kvadrat metr maydonni isitish uchun yiliga 350 kVt/soat energiya sarflanadi. Bu Yevropa mamlakatlaridagiga qaraganda 2−3 baravar ko‘p.

Agar uyning fasadi va tomi issiqlik saqlovchi materiallar bilan qoplanib, derazalari energiya tejovchilariga almashtirilsa, energiya iste’moli kamida 30 foizga kamayadi, dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Odamlarga energiya tejamkor material ishlatib, elektr va gaz sarfini kamaytirishni sodda tilda tushuntirsak, o‘zgarish bo‘ladimi yo‘qmi? Albatta, bo‘ladi. Nega buni aytyapman? Xonadonlarni isitishning o‘ziga iqtisodiyotdagi jami gaz iste’molining 20 foiz, elektrning esa 11 foizi sarflanyapti”, — deb hisoblaydi u.

Misol tariqasida 4000 ta xonadonga mo‘ljallangan “Yangi O‘zbekiston” massivi qurilayotgan Qamashi tumani keltirildi. Loyiha Fransiya va Buyuk Britaniya kompaniyalari tomonidan ishlab chiqilgan loyihalashga yangicha yondashuv asosida amalga oshirilmoqda.

“Eng muhimi, bu loyihada to‘liq energiya tejamkor mahalliy mahsulotlar ishlatilib, tannarx 20 foizga arzon tushyapti. Uyni isitish, sovutish xarajatlari 30 foizga qisqargan”, — dedi prezident.

U viloyat, tuman va shahar hokimlariga Qamashi tajribasi asosida loyihalashga yangicha yondashuvni o‘rganishga topshiriq berdi. Bu yil “Yangi O‘zbekiston” qiyofasi joriy etiladigan 33 ta tuman va shaharda ko‘p kvartirali uylarni qurish faqat mana shunday yondashuv asosida amalga oshirilishi belgilandi.

Prezident, shuningdek, uy-joy qurish va ta’mirlashda energiya tejovchi materiallarga o‘tish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishga topshiriq berdi. Ushbu tavsiyalar 19 mingta qurilish kompaniyasiga yetkazilishi, “yashil ta’mirlash” loyihasi bo‘yicha imtiyozlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar esa qurilish ketayotgan har bir mahalla va har bir xonadongacha yetkazilishi kerak.

Source: www.gazeta.uz