Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” konida 2024-yil sentabridan beri davom etayotgan texnogen vaziyat oqibatlarini 2027-yilning birinchi yarmida to‘liq bartaraf etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda “O‘zbekneftgaz” boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov Uzdiplomat nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Sanginovning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya Boysundagi vaziyat aholiga jiddiy noqulayliklar tug‘dirayotgani va zarar yetkazayotganini tan oladi. “Boysundagi vaziyat hozir haqiqatan ham xalqimizga juda katta zarar yetkazyapti. Hurmatli prezidentimiz bu yerga kelganlarida menga uch-to‘rt marta topshiriq berdilar: Boysunni yopib berishimiz shart”, — dedi u.

Muammoni hal qilish uchun xorijiy hamkorlar bilan texnik hisob-kitoblar olib borilgan. Natijada Xitoyning CNPC korporatsiyasi tarkibiga kiruvchi CCDC kompaniyasi bilan shartnoma imzolangan. Sanginov hozirda shartnomani ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni yakunlanayotganini, kompaniyaning 20-25 nafarga yaqin mutaxassisi esa allaqachon Boysun koniga yetib kelib, amaliy ishlarni boshlab yuborganini ma’lum qildi.

“Yil oxirigacha texnika ‘M-25’ koniga yetkazib beriladi. 2026-yilning dekabr oyi oxirigacha yana to‘rtta qo‘shimcha quduqni burg‘ilash ishlari boshlanadi. 2027-yilning birinchi yarmida [avariya] 100 foiz yopiladi”, — deya bayonot berdi u.

Jurnalistning nima sababdan aynan Xitoy kompaniyasi tanlangani va evaziga O‘zbekiston unga nima taqdim etishi haqidagi savoliga Sanginov Rossiya (“Rosneft”), AQSh (Schlumberger) va Janubiy Koreya kompaniyalarining takliflari o‘rganib chiqilganini aytdi. “O‘zbek muhandislari bilan birgalikda uchta davlatning ikki-uchta kompaniyasi takliflarini o‘rganganimizda, eng yaxshi taklif va texnik yechim Xitoyning CNPC korporatsiyasiniki bo‘lib chiqdi”, — dedi u.

Sanginov Xitoy kompaniyasi bilan hisob-kitoblar tabiiy resurslarni topshirish hisobiga emas, balki moliyaviy asosda amalga oshirilishini ta’kidladi. “Ular bilan hisob-kitob mablag‘ bilan bo‘ladi”, — dedi u. Loyihaning umumiy qiymati, Xitoy kompaniyasiga to‘lanishi rejalashtirilgan mablag‘ miqdori, shuningdek, avariya yetkazgan zarar hajmi hozircha ochiqlanmagan.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yil 1-sentabr kuni kondagi 604-quduqda burg‘ilash ishlari olib borilayotganda avariya sababli tarkibida oltingugurt vodorodi miqdori yuqori bo‘lgan gaz sizib chiqishi yuz bergan, to‘rt kishi halok bo‘lgan edi. Mahalliy aholi evakuatsiya qilingan. 2025-yilning mart oyida esa boshqa bir — 202-quduqda gaz chiqishi kuzatildi. Keyingi gaz chiqishlarining oldini olish maqsadida kondagi gazga o‘t qo‘yildi.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov konning xususiyatlari va murakkabligi haqida gapirib, avariyani “favqulodda vaziyat” deb atagan edi. Avariya oqibatlarini bartaraf etish uchun olti oygacha muddat berilganiga qaramay, hozirgi vaqtga qadar u to‘liq bartaraf etilgani yo‘q.

Shu yilning fevral oyida prezident “M-25” gaz konidagi avariya bo‘yicha xalqaro hamkorlar bilan birgalikda ilmiy yechim topilganini ma’lum qilgan edi. “Biz avariyani ham to‘xtatamiz, Surxondaryo iqtisodiyotiga katta turtki beradigan loyihani ham boshlaymiz”, — deya ta’kidlagan edi davlat rahbari.

“M-25” koni hozirgi vaqtda O‘zbekistondagi eng yirik o‘zlashtirilmagan gaz koni hisoblanadi. Gaz zaxiralari 150 milliard kub metrdan ortiq xom gazni tashkil etadi. Gaz zaxiralarining asosiy qismi tarkibida karbonat angidrid va oltingugurt vodorodi miqdori yuqoriligi bilan ajralib turadi.

2017-yilning aprel oyida O‘zbekiston hukumati investorlar konsorsiumi — Gas Project Development Central Asia, Altmax Holding va “O‘zneftgazqazibchiqarish” bilan “O‘zbekiston mustaqilligi” investitsiya bloki bo‘yicha mahsulotni taqsimlashga oid bitim imzolagan edi. Butun majmuaning qiymati 5,8 milliard dollarga baholangan. Loyiha 35 yil muddatga MTB shartlari asosida amalga oshirilmoqda.

Burg‘ilash ishlarini Eriell kompaniyasi, gaz qayta ishlash zavodi va infratuzilma obyektlarini qurish ishlarini esa Enter Engineering kompaniyasi bajargan. Ikkala kompaniya ham tadbirkor Baxtiyor Fozilovga aloqador bo‘lgan. Surxondaryodagi gaz koni uchun Rossiya texnikasini eksport qilish maqsadida “VEB.RF” va “Gazprombank” 2021-yilda 900 million dollar miqdorida kredit ajratgan edi.

2023-yilning noyabr oyi holatiga ko‘ra, konni o‘zlashtirishga 1,45 milliard dollar investitsiya kiritilgan, 20 ta quduqda burg‘ilash ishlari yakunlanib, 11 ta gaz qudug‘i muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilgan.

Source: www.gazeta.uz