O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaning aktivlarini restitutsiya qilish doirasida mamlakatga qaytarilgan mablag‘larni boshqaruvchi “Ishonch” jamg‘armasining ilk loyihasi yakunlandi. Bu Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabaridan kelib chiqadi.
“Har bir ona va bola yashaydi hamda rivojlanadi: O‘zbekistondagi perinatal markazlarda onalar va bolalar o‘limini qisqartirish” loyihasi 2023-yil sentabr oyida boshlangan bo‘lib, O‘zbekiston va Shveysariya o‘rtasidagi restitutsiya shartnomasi doirasida “Ishonch” jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilgan birinchi dastur bo‘ldi. U YUNISEF, UNFPA va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
Onalar va perinatal yordam ko‘rsatish bo‘yicha qo‘shma dasturning yakunlanishiga bag‘ishlangan tadbir 25-iyun kuni bo‘lib o‘tdi. Unda Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi, BMT tizimidagi agentliklar hamda xalqaro hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini rivojlantirish, perinatal xizmatlar sifatini oshirish hamda tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga 43,5 million dollar yo‘naltirildi.
Dastur doirasida respublika bo‘ylab 231 ta perinatal muassasa zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlandi. Xususan, qariyb 31 million dollardan ortiq mablag‘ evaziga inkubatorlar, sun’iy nafas oldirish apparatlari, anesteziya tizimlari va boshqa zamonaviy tibbiy uskunalar xarid qilinib, hududlardagi perinatal markazlarga yetkazib berildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligining qayd etishicha, 80 mingdan ortiq tibbiyot xodimi zamonaviy perinatal yordam, murakkab homiladorlik holatlarini boshqarish, muddatidan oldin tug‘ilgan chaqaloqlarni parvarishlash hamda laboratoriya diagnostikasi bo‘yicha malaka oshirdi.
Loyiha doirasida, shuningdek, onalik va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha 49 ta klinik protokol ishlab chiqildi yoki yangilandi.
Bundan tashqari, homiladorlik davrida muntazam tibbiy kuzatuvning ahamiyatini targ‘ib etishga qaratilgan axborot kampaniyalari orqali 20 millionga yaqin fuqaro qamrab olindi. Natijada 4 millionga yaqin aholining sifatli onalik va perinatal xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari kengaydi.
Monitoring natijalariga ko‘ra, oldini olish mumkin bo‘lgan onalar o‘limi ulushi 2022-yildagi 77,3 foizdan 62,8 foizgacha, ya’ni 14,5 foiz bandga kamaydi. Shuningdek, ayniqsa, tana vazni juda past bo‘lgan yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning omon qolish ko‘rsatkichi dastur boshlanganidan buyon qariyb 13 foizga yaxshilandi.
Loyiha doirasida tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish bilan bir qatorda laboratoriya xizmatlari salohiyatini mustahkamlash, korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha mexanizmlarni joriy etish hamda homilador ayollarni tibbiy kuzatuv bilan to‘liq qamrab olishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirildi.
YUNISEFning O‘zbekistondagi vakili Rehina Kastijio ushbu dastur O‘zbekiston hukumati, Shveysariya hukumati, fuqarolik jamiyati va BMT agentliklari o‘rtasidagi hamkorlikning amaliy natijasi bo‘lganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yuzlab perinatal muassasalarda zamonaviy uskunalar va ilg‘or klinik yondashuvlarning joriy etilishi har bir ona va yangi tug‘ilgan chaqaloq uchun sifatli yordam olish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirdi.
Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchisi Konstantin Obolenskiy noqonuniy orttirilgan aktivlarni qaytarish hamda ulardan shaffoflik va hisobdorlik asosida foydalanish Shveysariyaning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ma’lum qildi. U O‘zbekiston hukumati va BMT bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Ishonch” jamg‘armasi qaytarilgan mablag‘lar aholi hayot sifatini yaxshilashga qanday xizmat qilishi mumkinligiga misol bo‘la olishini ta’kidladi.
Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fozilkarimov noqonuniy orttirilgan aktivlarni qaytarish va ulardan samarali foydalanish inson kapitalini rivojlantirish hamda ijtimoiy sohadagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
“Ishonch” jamg‘armasi Gulnora Karimovaning aktivlarini restitutsiya qilish doirasida O‘zbekistonga qaytariladigan mablag‘larni boshqarish uchun tashkil etilgan. 2022-yil avgust oyida O‘zbekiston va Shveysariya Karimovaga tegishli jinoiy ish doirasida Shveysariyada uzil-kesil musodara qilingan qariyb 131 million dollarlik aktivlarni qaytarish bo‘yicha birinchi shartnomani imzolagan edi. Ushbu mablag‘lar BMTning trast jamg‘armasi orqali O‘zbekiston aholisi manfaatlari yo‘lida ishlatilishi kerak.
2025-yil fevral oyida tomonlar yana bir shartnomani — qariyb 182 million dollarni qaytarish to‘g‘risidagi hujjatni imzoladi. Shveysariya federal tashqi ishlar departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, shundan so‘ng O‘zbekiston aholisi foydasiga qaytarilayotgan mablag‘larning umumiy summasi 313 million dollarga yetdi.
Barcha loyihalar faqatgina jamg‘armaning boshqaruv qo‘mitasi tomonidan ma’qullanganidan keyingina moliyalashtiriladi. Batafsil hisobotlar va ma’lumotlar “Ishonch” jamg‘armasining rasmiy saytida e’lon qilib boriladi.
Gulnora Karimova va u boshchilik qilgan jinoiy guruhga tegishli bo‘lgan Fransiya, AQSh, Latviya va boshqa mamlakatlardagi aktivlarning umumiy summasi qariyb 1,4 milliard dollar yoki 15 trillion so‘mga baholanmoqda. Adliya vaziri o‘rinbosari Muzraf Ikromov 2022-yilda bu mablag‘ga 1400 ta maktab qurish mumkinligini ta’kidlagan edi.
Source: www.gazeta.uz