Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) O‘zbekiston bo‘yicha e’lon qilgan “Selected Issues” ma’ruzasida davlat sektori ko‘lami va uning iqtisodiyotdagi rolini chuqur tahlil qildi. Hisobotda davlat ishtirokidagi korxonalar (DIK) aktivlari 2024-yil yakuniga ko‘ra YAIMning 101 foiziga yetgani, ularning soni 2148 tani tashkil etgani qayd etilgan.
Shundan moliyaviy DIKlar aktivlari YAIMning 52 foizini, nomoliyaviy DIKlar esa 49 foizini tashkil qilgan. Nomoliyaviy DIKlar aktivlari tarkibida tog‘-kon sanoati 31 foiz, neft-gaz va elektr energetikasi 19-19 foiz, qolgan 31 foiz esa yo‘l-transport infratuzilmasi, kimyo sanoati va boshqa tarmoqlarga to‘g‘ri kelgan.
Tog‘-kon kompaniyalari nomoliyaviy DIKlarning moliyaviy natijalarida asosiy o‘rin tutgan: tushumning 29 foizi, foydaning 69 foizi va dividendlarining 87 foizi aynan shu sohaga tegishli. Moliya sektorida davlat aktivlarining 96 foizi to‘qqizta davlat tijorat bankiga to‘g‘ri keladi.
XVJ ta’kidlashicha, DIK aktivlari asosan qisman raqobatdosh yoki tartibga solinadigan sektorlarda (kommunal xizmatlar, energetika, moliya) jamlangan. Biroq kompaniyalar soni bo‘yicha 84 foizi raqobatdosh sektorlarda faoliyat yuritmoqda. Davlat hanuzgacha qishloq xo‘jaligidagi yerlarning katta qismi, paxta va don xaridlari, sug‘urta bozori, alkogol mahsulotlari ulgurji savdosi va boshqa sohalarda hukmronlik qilmoqda.
Hisobotda O‘zbekistondagi yirik nomoliyaviy DIKlar xalqaro amaliyotga nisbatan kengroq tarqalgani, aksariyati to‘liq davlatga tegishli ekani qayd etilgan. Rivojlanayotgan bozorlarda (Braziliya, Xitoy) kommunal kompaniyalarning 60 foizi davlat-xususiy tuzilmaga ega bo‘lsa, O‘zbekistonda bu kam uchraydi.
Bank aktivlaridagi davlat ulushi 63 foizni tashkil etadi, bu o‘rtacha daromadli iqtisodiyotlardagi 23 foizdan sezilarli yuqori. Tadqiqotlar davlat ulushining yuqoriligi moliyaviy sektor zaifligini oshirishi va budjet uchun xavf tug‘dirishi mumkinligini ko‘rsatadi.
DIKlar 2024-yilda 566,3 ming kishini ish bilan ta’minlagan – umumiy bandlikning 4 foizi, rasmiy bandlikning 8 foizi va markaziy davlat sektori bandligining 19 foizi. Eng yirik ish beruvchi tog‘-kon sektori (18 foiz), yo‘l-transport (16 foiz) va neft-gaz (14 foiz) hisoblanadi.
2020-yildan 2026-yil fevraligacha DIKlar soni 2965 tadan 1917 taga kamaygan. Chiqarib tashlash sabablari: xususiylashtirish (515 ta), tugatish (1313 ta), qayta tashkil etish (757 ta) va davlat-xususiy sheriklik (260 ta).
Eng yirik DIKlar qatoriga Navoiy KMK, Olmaliq KMK, “O‘zbekneftgaz”, “O‘ztransgaz”, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari”, “O‘zkimyosanoat”, Uzbekistan Railways, Uzbekistan Airways, UzAuto Motors va to‘qqizta davlat banki kiradi.
XVJ xulosasiga ko‘ra, iqtisodiyotda “davlatning yirik izi”ni kamaytirish va bozor iqtisodiyotiga o‘tishni yakunlash uchun DIKlarni chuqur isloh qilish zarur. Bu resurslar taqsimoti samaradorligini oshirishi, davlat qo‘llab-quvvatloviga qaramlikni kamaytirishi va xususiy biznes uchun teng sharoit yaratishi kerak.
Source: www.gazeta.uz