O‘zbekiston va Shveytsariya o‘rtasidagi restitutsion kelishuv asosida tashkil etilgan “Ishonch” jamg‘armasining birinchi dasturi perinatal yordamni rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, unga 43,5 million dollar ajratildi.
Jamg‘arma Gulnora Karimovadan qaytarilgan aktivlarni shaffof tarzda aholi manfaati uchun ishlatish maqsadida tuzilgan. Loyiha “Har bir ona va har bir bola yashaydi va rivojlanadi: O‘zbekiston perinatal markazlarida ona va chaqaloq o‘limini kamaytirish” deb nomlanib, 2023-yil sentyabrida boshlangan.
Dastur doirasida 231 perinatal muassasa zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. 31 million dollardan ortiq mablag‘ inkubatorlar, sun’iy nafas olish apparatlari, anesteziologik uskunalar va boshqa texnikani xarid qilishga yo‘naltirildi.
80 mingdan ortiq tibbiyot xodimlari perinatal yordam, murakkab homiladorlikni yuritish, erta tug‘ilgan chaqaloqlarni parvarish qilish va laboratoriya diagnostikasi bo‘yicha malaka oshirdi. 49 ta klinik protokol ishlab chiqildi yoki yangilandi.
Homiladorlik davrida muntazam tibbiy kuzatuv muhimligi haqidagi axborot kampaniyalari deyarli 20 million kishini qamrab oldi, 4 millionga yaqin aholi sifatli xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Monitoring natijalariga ko‘ra, oldini olish mumkin bo‘lgan ona o‘limi ulushi 2022-yildagi 77,3% dan 62,8% gacha, ya’ni 14,5 foiz punktga kamaydi. Juda past tana vaznli yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning omon qolish ko‘rsatkichi 13% ga yaxshilandi.
UNICEFning O‘zbekistondagi vakili Regina Kastilyo dasturni O‘zbekiston va Shveytsariya hukumatlari, fuqarolik jamiyati institutlari va BMT agentliklarining samarali hamkorligi natijasi deb baholadi.
Shveytsariyaning O‘zbekistondagi elchisi Konstantin Obolenskiy noqonuniy olingan aktivlarni qaytarish va ulardan shaffof foydalanish Shveytsariyaning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.
Source: uznews.uz