O‘zbekistonda 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilishi mumkin. Bu haqda 26-iyun kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligida o‘tkazilgan tadbirdan so‘ng vazir E’zozxon Karimova Gazeta muxbiri bilan suhbatda aytib o‘tdi.
Jurnalist dunyoning ko‘plab davlatlarida, xususan, qo‘shni Qozog‘istonda ham voyaga yetmaganlarning telefon va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash bo‘yicha tashabbuslar boshlanganini eslatib, O‘zbekistonda ham shunday qadam tashlanishi mumkinmi, deb so‘radi.
E’zozxon Karimovaning ta’kidlashicha, mazkur masala yuzasidan parlament deputatlari va senatorlar bilan o‘zaro muhokamalar o‘tkazilgan hamda qonun loyihasi ishlab chiqib, uni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
“Biz ham hozir ushbu masalani o‘ylayapmiz. Bu bo‘yicha deputatlarimiz va senatorlarimiz bilan ham gaplashdik. Qonun loyihasini ishlab chiqib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘ymoqchimiz. Bu tartib bizda ham bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman”, — deydi vazir.
U bolalarni telefondan to‘liq voz kechtirishning imkoni yo‘qligi, ammo undan foydalanish madaniyatini shakllantirish muhimligini qayd etdi.
“Hozir texnika asri, bolalarimizdan telefonlarni yulib ololmaymiz. Albatta, telefon kerak. Ammo undan foydalanish madaniyati va me’yori ham bo‘lishi zarur. O‘quvchining maktabga kirishdan oldin telefonini qoldirishga oid buyruq chiqqan va odob-axloq qoidalari ham mavjud. Lekin bu qoidalar qayerdadir ishlaydi, qayerdadir esa ishlamaydi. Buni endilikda qattiq nazoratga olib, 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarimizni ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni qonun bilan cheklamoqchimiz”, — deydi E’zozxon Karimova.
Avvalroq, bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlash kerakmi, mavzusida material e’lon qilgan edik. Gazeta so‘roviga javoban bolalar ombudsmani, Ijtimoiy himoya agentligi va Maktab vazirligi vakillari “me’yoriy, ongli cheklov” va nazorat tarafdoriligini ta’kidlashgandi. YUNISEF choralarni ishlab chiqishda o‘smirlarni ham jalb etishni tavsiya qilgan edi.
Source: www.gazeta.uz