O‘zbekiston suv xo‘jaligi tizimida so‘nggi ikki yarim yil ichida 243 ta korrupsion jinoyat sodir etilgan bo‘lib, ularda 301 nafar xodim ishtirok etgan. Natijada davlat va jamiyatga 70 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.
26-iyun kuni Suv xo‘jaligi vazirligida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining sayyor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Senat raisi, Milliy kengash rahbari Tanzila Norboyeva raislik qildi.
Yig‘ilishda korrupsiyaning oldini olish, davlat mablag‘laridan samarali foydalanish, sohani raqamlashtirish, manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etish hamda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash masalalari tanqidiy muhokama qilindi.
2024–2025 yillar va joriy yilning o‘tgan davrida suv xo‘jaligi tizimida 301 nafar xodim tomonidan 243 ta korrupsion jinoyat sodir etilgani, 70 milliard so‘mdan ortiq moddiy zarar yetkazilgani qayd etildi.
Muhokama davomida byudjet mablag‘larini o‘g‘irlash, suv tejovchi texnologiyalarga subsidiyalardan noqonuniy foydalanish, suv fondi yerlarini boshqarishdagi qonunbuzarliklar, raqamlashtirishning sust sur’atlari va manfaatlar to‘qnashuvi holatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, sohada joriy etilgan “Aqlli suv” qurilmalarining katta qismi hali ham samarali ishlamayotgani tanqid qilindi.
Yig‘ilishda korrupsiyaga qarshi kurashda asosiy e’tibor alohida huquqbuzarliklarni aniqlashga emas, balki ularni keltirib chiqaradigan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilishi kerakligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida Suv xo‘jaligi vazirligi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga 10 kun ichida sohadagi korrupsion xavflarni bartaraf etish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashiga kiritish topshirildi.
Source: kun.uz