Energetika vazirligi 29-iyun kuni soat tonggi 3:56 da Toshkent shahridagi “Yuksak” podstansiyasida kuzatilgan nosozlik oqibatida elektr ta’minotida uzilish yuzaga kelgan barcha iste’molchilarning elektr ta’minoti to‘liq tiklanganini ma’lum qildi.
Avariyaviy holat 28-iyun kuni soat 20:45 da Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi “Yuksak” podstansiyasida sodir bo‘lgan. Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, podstansiyadagi 110 kV tarmoqda texnik nosozlik yuzaga kelgan.
Oqibatda Toshkent IEMdagi 2 ta gaz turbina qurilmasi jami 60 MVt quvvat bilan o‘chgan. Natijada Toshkent shahrining Yakkasaroy, Chilonzor, Mirobod va Uchtepa tumanlari hamda Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi 55 mingta iste’molchi, shuningdek, ayrim kichik ishlab chiqarish sanoat korxonalarining elektr ta’minoti uzilgan.
Bu Toshkent shahri bo‘yicha jami 889,2 ming abonent (shundan 844,9 mingtasi aholi, 44,3 mingtasi yuridik shaxslar) bilan solishtirilganda umumiy abonentlar sonining taxminan 6,2 foizini tashkil etadi. Energetika vazirligi ma’lumotlariga Toshkent viloyatining Zangiota tumani iste’molchilari ham kiritilgani uchun mazkur ulush taxminiy hisoblanadi.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, elektr ta’minotini avariya-tiklash ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilgan. 21:50 da Yakkasaroy, Chilonzor va Uchtepa tumanlaridagi 90 MVt yuklamadagi iste’molchilarning elektr ta’minoti tiklangan. 29-iyun soat 00:08 da Mirobod tumanidagi 50 MVt yuklamadagi iste’molchilar elektr ta’minotiga ulangan. 00:09 da Yakkasaroy va Chilonzor tumanlaridagi yana 8 MVt yuklamadagi iste’molchilarning elektr ta’minoti tiklangan. 00:25 da Chilonzor tumani hamda Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi 55 MVt yuklamadagi iste’molchilarning elektr ta’minoti qayta tiklangan.
Source: www.gazeta.uz