Ijtimoiy tarmoqlarda Andijonda Malibu haydovchisi piyodalar o‘tish joyida odamlarni urib yuborgani aks etgan video tarqaldi. Viloyat IIB YHXB ushbu hodisa yuzasidan rasmiy izoh berdi.
Voqea 25 iyun kuni taxminan soat 17:55 da Andijon shahridagi “Yangi Buston” mahallasi, Amir Temur ko‘chasida sodir bo‘lgan.
29 yoshli Malibu-2 haydovchisi yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan holda, tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyida uch nafar piyodaga yo‘l bermay, ularni urib yuborgan.
Natijada uchala piyoda kasalxonaga yotqizilgan. Tibbiy yordam ko‘rsatilganiga qaramay, ulardan ikki nafari vafot etgan.
Ushbu fakt bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati xavfsizligi yoki ulardan foydalanish qoidalarini buzish, odam o‘limiga sabab bo‘lish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Haydovchi qamoqqa olingan.
Source: uznews.uz