Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Iyun oyida so‘mning AQSh dollariga nisbatan rasmiy kursi 0,5 foizga pasaydi. Bu Gazeta o‘rgangan Markaziy bank ma’lumotlarida aks etadi.

31-may holatiga ko‘ra, dollarning rasmiy kursi 11 997,83 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 30-iyunga kelib bu ko‘rsatkich 12 060,84 so‘mga yetdi — shu tariqa, bir oy davomida amerika valyutasi 63,01 so‘mga yoki 0,5 foizga qimmatladi.

Taqqoslash uchun, aprel oyida so‘m dollarga nisbatan qariyb 2 foizga mustahkamlangan bo‘lsa, may oyida 0,5 foizga qadrsizlangan.

Bunda yil boshidan buyon milliy valyuta dollarga nisbatan bor-yo‘g‘i 0,3 foizga qadrin yo‘qotdi. 1-yanvar holatiga ko‘ra, rasmiy kurs bir dollar uchun 12 025,33 so‘mni tashkil etgan, shu sababli iyun oyi oxiriga kelib dollar atigi 35,51 so‘mga qimmatlashdi.

Iqtisodchi, Janubiy Koreyaning Chonbuk Milliy universiteti magistri va Mirkonomika Telegram kanali muallifi Mirkomil Xolboyev iyun oyida jahon bozorida dollarning mustahkamlanishini AQSh Federal zaxira tizimi (FZT) tomonidan foiz stavkalari yanada oshirilishi kutilayotgani bilan izohladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, FZTning 17-iyundagi yig‘ilishiga qadar tahlil uchun tanlab olingan valyutalardan 11 tasi dollarga nisbatan mustahkamlanayotgan edi. Yig‘ilishdan keyin esa faqat ikkita valyuta qiymatini oshira oldi, qolgan 32 tasi esa arzonlashdi.

Iqtisodchi, shuningdek, neft eksportiga bog‘liq bo‘lgan bir qator valyutalar, xususan, Rossiya rublining zaiflashishiga Yaqin Sharqdagi keskinlik yumshaganidan keyin jahon bozorida neft narxining tushib ketgani qo‘shimcha omil bo‘lganini ta’kidladi.

Umuman olganda, iyun oyida tahlil qilingan 39 ta valyutadan faqat to‘rttasi dollarga nisbatan mustahkamlandi, qolganlari esa yo o‘zgarishsiz qoldi (jumladan, qat’iy kursga ega valyutalar), yoki qadrsizlandi.

“So‘m oy davomida dollarga nisbatan 0,5 foizga qadrsizlanib, tanlab olingan valyutalar orasida nisbatan past darajada qadrsizlangan valyutalardan biri bo‘lib qolgan”, — deya qayd etadi Mirkomil Xolboyev.

Taqqoslash uchun, Rossiya rubli iyun oyida dollarga nisbatan 7,7 foizga arzonlashib, tahlil qilingan valyutalar orasida pasayish bo‘yicha yetakchiga aylandi. Qozog‘iston tengesi esa nisbiy barqarorlikni saqlab qoldi va bor-yo‘g‘i 0,1 foizga kuchsizlandi.

Jahonning yirik valyutalari orasida Shveysariya franki dollarga nisbatan 3,1 foizga, yevro 2,1 foizga, Buyuk Britaniya funti 1,8 foizga, Yapon iyenasi esa 1,5 foizga arzonladi. O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkorlaridan biri bo‘lgan Xitoy yuani esa 0,6 foizga pasaydi.

Iqtisodchi, shuningdek, so‘m o‘zgaruvchanligining pasayganiga ham e’tibor qaratdi. Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, milliy valyutaning iyun oyidagi o‘rtacha kunlik volatilligi may oyiga nisbatan 22,6 foizga — 0,31 foizdan 0,24 foizgacha qisqargan.

O‘tgan yilning iyun oyi bilan solishtirganda esa volatillik deyarli ikki barobarga kamaygan.

O‘tgan yili kurs tebranishlari kuchayganidan so‘ng, Xalqaro valyuta jamg‘armasi so‘mni crawl-like arrangement (kurs muayyan parametrlar doirasida bosqichma-bosqich o‘zgarib turadigan uziluvchan bog‘liqlik) rejimidan erkin suzuvchi (floating) valyutalar toifasiga o‘tkazgan edi.

Mirkomil Xolboyevning so‘zlariga ko‘ra, kunlik o‘zgaruvchanlik darajasi bo‘yicha ham so‘m iyun oyida eng barqaror valyutalar qatoridan joy oldi.

Taqqoslash uchun, Rossiya rublining kunlik volatilligi 0,84 foizni, tengeniki esa 0,44 foizni tashkil etgan bo‘lsa, Kanada dollari, yevro va Buyuk Britaniya funti ko‘rsatkichlari o‘zbek valyutasiga yaqin bo‘ldi — tegishlicha 0,24, 0,29 va 0,30 foiz.

Source: www.gazeta.uz