Migratsiya agentligi Latviyaning Sia Kreiss korxonasi bilan hamkorlikda yuk avtomobili haydovchilari uchun 500 ta bo‘sh ish o‘rni e’lon qildi. Bu haqda agentlikning Xorijda ish Telegram kanalida xabar berildi.
Bo‘lajak ishchilarga oyiga 1700 yevrodan 2800 yevrogacha (qo‘lga tegishi) maosh taklif etilmoqda. Nomzodlarga qo‘yiladigan talablar: kamida 23 yosh, C, C+E toifali haydovchilik guvohnomasi va tajriba (kamida 1 yil C toifali avtomobil boshqarish tajribasi), xalqaro yuk tashish uchun Dastlabki malaka to‘g‘risidagi guvohnoma (KPK), professional haydovchi kartasi (karta tacho), psixologik va tibbiy ko‘rikdan o‘tganlik haqida ma’lumotnoma, chet el pasporti, shuningdek, ingliz yoki rus tilini bilish.
Ish beruvchi kompaniya transport, turar joy va tibbiy sug‘urta xarajatlarini o‘z zimmasiga oladi. Ishchi vizasi va aviachipta puli dastlab nomzod tomonidan to‘lanadi, biroq u ishga joylashganidan so‘ng ushbu xarajatlar Migratsiya agentligi tomonidan kompensatsiya qilib beriladi.
Ushbu havola orqali ro‘yxatdan o‘tiladi. Qo‘shimcha ma’lumot uchun agentlikning (71) 202−33−55 (ichki raqamlar: 556, 911) telefoniga murojaat qilish mumkin.
Source: www.gazeta.uz