O'zbekistonda atom energetikasi sohasida kadrlar tayyorlash uchun yangi markaz tashkil etilmoqda. Podrobno.uz xabariga ko'ra, ushbu platforma O'zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlarining yadro dasturlari uchun mutaxassislar tayyorlaydi.
Markaz Toshkentdagi Milliy tadqiqot yadro universiteti "MIFI" filiali negizida ochiladi. Uning asosiy vazifasi O'zbekistonning yadro-energetika dasturini amalga oshirish uchun malakali kadrlar bilan ta'minlashdan iborat.
Bu yerda mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ilmiy tadqiqotlar va amaliy ishlanmalar olib borish, yetakchi xorijiy universitetlar va ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, zamonaviy ta'lim dasturlarini joriy etish va laboratoriya bazasini rivojlantirish, shuningdek, xalqaro loyihalar, seminarlar va almashinuv dasturlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Markaz mintaqaviy hamkorlik maydonchasiga aylanadi. Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan mutaxassislar, jumladan, atom elektr stansiyalari uskunalarining zamonaviy simulyatorlarida o'qish va amaliy tayyorgarlikdan o'tishlari mumkin bo'ladi.
Avvalroq O'zbekiston sanoat, radiatsion va yadro xavfsizligi qo'mitasi RITM-200N yadro qurilmasi bilan energoblok qurish uchun litsenziya bergan edi.
Source: podrobno.uz