Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-iyun kuni yoshlar bilan uchrashuvda “TOP-100” dasturini e’lon qildi. Dastur yosh liderlarni aniqlash va ularni rahbarlik lavozimlariga tayyorlashga qaratilgan.

Davlat rahbarining ma’lumotiga ko‘ra, hozirda 87 ming davlat xizmatchisidan 16,5 ming nafari 30 yoshgacha bo‘lib, ulardan 902 nafari rahbarlik lavozimida ishlaydi. Prezident vazir va hokimlarni yoshlarga ishonch bildirishga chaqirdi.

“TOP-100” dasturi besh yo‘nalishda amalga oshiriladi: yangi iqtisodiyot, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt, ta’lim, tibbiyot hamda qishloq xo‘jaligi. Tanlov O‘zbekistondagi yoshlar va chet eldagi vatandoshlar uchun ochiq bo‘ladi.

Tanlov har ikki yilda bir marta o‘tkaziladi. 100 nafar g‘olib 50 million so‘mdan pul mukofoti oladi va rahbarlik lavozimlariga tayinlanadi. Har bir vazirlik o‘z yo‘nalishi bo‘yicha xususiy “TOP-100 iste’dodli yoshlar” dasturini ishga tushirishi kerak.

Ishtirokchilar tegishli sohalar bo‘yicha xalqaro tashkilotlarga stajirovkaga yuboriladi. Mutasaddilarga har yili 2000 nafar yoshni xalqaro stajirovkaga yuborish rejasini tasdiqlash topshirildi.

Shuningdek, “O‘zbekiston yoshlar ligasi” platformasi ishga tushiriladi. Yoshlar o‘z yutuqlarini platformaga kiritadi, vazirliklar esa ball beradi. Yuqori ball to‘plaganlarga ta’lim granti, kontrakt chegirmasi, “kasb vaucheri”, xorijda o‘qish puli qoplanishi, imtiyozli kredit, akselerator dasturi, xorijiy stajirovka, davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasiga kiritish va imtiyozli ipoteka beriladi.

Yil yakunlari bo‘yicha eng yuqori natijalarga erishgan yoshlar tantanali ravishda taqdirlanadi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, “O‘zbekiston yoshlar ligasi” barcha yoshlarni Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida birlashtiradigan umummilliy harakatga aylanadi.

Source: www.gazeta.uz