O‘zbekiston Markaziy banki Ipoteka bank, Agrobank, “O‘zsanoatqurilishbank”, Uzum bank va qator mikromoliya tashkilotlarini iste’molchilar huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ygani uchun jarimaga tortdi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, birinchi chorakda tijorat banklarining hududlardagi filiallari va alohida bo‘linmalarida o‘tkazilgan “sirli mijoz” nazorat tadbirlari davomida banklar iste’molchilar bilan o‘zaro munosabatlarda oshkoralik, shaffoflik, axborotlarning to‘liqligi va to‘g‘riligiga oid qonunchilik talablariga rioya etmagani holatlari aniqlangan.
Markaziy bank yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan qoidabuzarliklar xususiyati, miqyosi, davomiyligi va boshqa holatlarni inobatga olgan holda 14 ta bankka nisbatan jami 681,5 mln so‘m jarima sanksiyasi qo‘lladi. Shundan, Agrobank — 255,0 mln so‘m, “O‘zsanoatqurilishbank” — 119,5 mln so‘m miqdorida jarimaga tortildi.
Shuningdek, regulyator Ipoteka bank faoliyati yuzasidan kredit munosabatlariga doir iste’molchilar murojaatlarini o‘rganib, mijozlar bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda bir qator holatlarda qonunchilik talablariga rioya etilmaganini aniqladi. Ushbu qoidabuzarliklar uchun Markaziy bank Ipoteka bankni 105 mln so‘m miqdorida jarimaga tortdi.
Qolaversa, birinchi chorakda Shaffof-moliya va Tezcoin mikromoliya tashkilotlarida, shuningdek Uzum-bank’da o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida qonunchilik talablarining buzilishi aniqlangan. Xususan, ko‘rsatib o‘tilgan mikromoliya tashkilotlari mikroqarz ajratish bo‘yicha shartnomalarni rasmiylashtirishda qonunchilikda nazarda tutilgan ma’lumotlarni to‘liq aks ettirmagani, qarz yuki bo‘yicha belgilangan talablarga rioya qilmagani va mijozlarning kredit tarixi bo‘yicha ma’lumotlarni belgilangan muddatlarda kredit byurolariga taqdim etmagani aytiladi. Bundan tashqari, ular iste’molchilar murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha qonunchilik talablariga rioya etmagan.
Uzum bank tomonidan quyidagi qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan: Aniqlangan qoidabuzarliklar xususiyati va ko‘lami inobatga olinib, Markaziy bank tomonidan Shaffof-moliya mikromoliya tashkilotiga nisbatan — 201,0 mln so‘m, Tezcoin mikromoliya tashkilotiga — 156,0 mln so‘m, Uzum bank’ga — 215,5 mln so‘m miqdorida jarima qo‘llanildi.
Avvalroq Markaziy bank mijozlar murojaatlari bo‘yicha banklar antireytingini ilk bor e’lon qilgan edi. O‘zbekiston MB indeksiga ko‘ra, 2026-yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha mijozlar murojaatlari ko‘rsatkichi eng yuqori banklar o‘ntaligiga Biznesni rivojlantirish banki, Anor Bank va Mikrokreditbank kirdi. Regulyator banklarga shikoyatlar sabablarini chuqurroq tahlil qilish va tizimli kamchiliklarni bartaraf etishni tavsiya qildi.
Source: www.gazeta.uz