Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida voyaga yetmagan qizning to‘rt erkak tomonidan zo‘rlanishi holati aniqlandi. Bu haqda zo‘ravonlikka qarshi kurashuvchi Nemolchi.uz loyihasi IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovga tayanib xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 7-iyun kuni Sh.X. (23 yosh), D.X. (22), O.N. (20) va D.A. (21) ismli shaxslar 14 yoshli qizni Damas avtomashinasiga mindirib, dalaga olib borib, zo‘rlagan. Voqea yuzasidan Yakkabog‘ tumani IIB huzuridagi tergov-tezkor guruhi tomonidan tezkor choralar ko‘rilgan.

Tergovchilar voqea joyini ko‘zdan kechirib, ish uchun ahamiyatli bo‘lgan ashyo va dalillarni olgan. Sudga oid tibbiy, biologik va psixologik ekspertizalar tayinlangan. 8-iyun kuni Jinoyat kodeksining 128-moddasi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

29-iyun kuni jinoyat ishi Jinoyat kodeksining 118-moddasi 3-qismi “a” (o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan nomusga tegish) bandiga qayta malakalanib, gumonlanuvchilarga shu modda bo‘yicha ayb e’lon qilingan va protsessual tartibda ushlangan. Mazkur jinoyat ishi Tergov departamenti tomonidan nazoratga olingan.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi vaziyat nazoratga olinganini ma’lum qildi. Voyaga yetmagan shaxs S.T.ga psixologik xizmat, uning onasi H.G.ga yuridik xizmatlar ko‘rsatilgan. Mahalladagi ijtimoiy xodim va Yakkabog‘ tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlari markazi Bolalarni ijtimoiy himoya qilish shu’basi xodimlari tomonidan keys ochilib, birlamchi so‘rovnomadan o‘tkazilgan.

Source: www.gazeta.uz