O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro jamoaning Jahon chempionatidagi ishtiroki haqida fikr bildirdi. Italiyalik mutaxassis bilan uyushtirilgan intervyu Championat.asia tomonidan e’lon qilindi.
Kannavaro terma jamoa natijasini muvaffaqiyatsiz deb hisoblash mumkinmi, degan savolga javob berar ekan, muxlislarning reaksiyasini tushunishini ta’kidladi: “Albatta, men muxlislarni tushunaman. Bilasiz, ular doim jamoani qo‘llab-quvvatlashga va g‘alaba qozonishga harakat qilishadi. Lekin biz uchun… Men qur’a natijalarini ko‘rganimdayoq, Jahon chempionati biz uchun qanchalik qiyin va shafqatsiz bo‘lishi mumkinligi haqida gapirgan edim. Chunki men farqni bilardim. Ushbu turnir jamoa uchun qanchalik qiyin bo‘lishini oldindan sezgan edim”.
Murabbiyning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning JCHdagi ilk ishtiroki bilan bog‘liq bosim jamoa o‘yiniga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan: “Sababi, bu birinchi marta bo‘layotganida siz bosimni his qilasiz va undan aziyat chekasiz. Biz buning badalini to‘ladik. Chunki uchta o‘yin davomida men doim o‘yinchilarimdan o‘yinga bor e’tiborlarini qaratishlarini so‘radim. Ularni olg‘a undashga va ustilaridagi bosimni olib tashlashga harakat qildim. Chunki bu bosim ularga og‘irlik qilishi mumkinligini bilardim”.
U jamoa, murabbiylar shtabi va federatsiya juda muhim tajriba orttirganini alohida qayd etdi: “Lekin rostini aytsam, o‘ylaymanki, mening barcha futbolchilarim bu darajada o‘ynash qanchalik qiyinligini tushunib yetishdi. Biz qo‘limizdan kelgancha harakat qildik va men uchun eng muhimi ham shu edi. Biz ajoyib tajriba orttirdik, nafaqat futbolchilar, balki men, bizning shtab va federatsiya ham. Biz bu yerda bo‘lish qanchalik go‘zalligini ko‘rdik va albatta, kelajakda JCHga qaytish uchun har bir kishi o‘z ustida ishlashi, o‘zini yanada ko‘proq ko‘rsatishi kerak bo‘ladi”.
Kannavaro, shuningdek, tarkibdagi tez-tez amalga oshirilgan o‘zgarishlar tufayli yangragan tanqidlarga ham javob berdi. U qaydnomaga kiritilgan 26 nafar futbolchidan 23 tasini maydonga tushirdi: “Albatta, axir men bosh murabbiyman. Mening yagona afsuslanadigan narsam faqatgina uchta futbolchiga maydonga tushish imkoniyatini bera olmaganim bo‘ldi. Chunki mening maqsadim JCHda hamma futbolchiga o‘sha hayajonni, o‘sha his-tuyg‘uni his qilish imkonini berish edi”.
Murabbiyning so‘zlariga ko‘ra, o‘zgarishlarning bir qismi jarohatlar va futbolchilarning holati bilan bog‘liq bo‘lgan: “Men ba’zi o‘yinchilarni o‘zgartirdim, chunki turnirdan oldin bizda jarohatlar bilan bog‘liq juda ko‘p muammolar bor edi. Ba’zi futbolchilar klublarida to‘rt oylab o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmagani sababli o‘z formalarida emasdi”.
U terma jamoa tarkibida bo‘lgan barcha futbolchilarga ishonishini qo‘shimcha qildi: “Lekin bilasiz, futbol shunday narsaki, agar siz bir futbolchini maydonga tushirsangiz, kimdir nega boshqasi o‘ynamadi deydi. Boshqasini tushirsangiz, yana shunday. Men bu yerda men bilan birga bo‘lgan barcha futbolchilarga ishonaman, chunki ularning yaxshi o‘yin ko‘rsata olishini bilardim va hammaga imkoniyat berdim”.
Kannavaro mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishini, biroq barcha qarorlar ham xato bo‘lgan deb hisoblamasligini aytdi: “Va albatta, bu har doim mening xatoyim hisoblanadi, chunki men bosh murabbiyman va hamma mas’uliyatni bo‘ynimga olaman. Lekin hammasi ham noto‘g‘ri bo‘ldi deb o‘ylamayman. Biz ajoyib tajriba to‘pladik, futbolimizni yaxshilashga harakat qildik, o‘yinchilarga yangi g‘oyalarni berishga urindik. O‘yinlar davomida vaqti-vaqti bilan juda yaxshi futbol ko‘rdik”.
Uning so‘zlariga ko‘ra, jamoada Kolumbiya va Kongo DRga qarshi o‘yinlarda yaxshi davrlar bo‘lgan, eng og‘iri esa Portugaliya bilan bo‘lgan: “Agar eslasangiz, Kolumbiyaga qarshi o‘yin, shuningdek, Kongoga qarshi o‘yinning birinchi bo‘limi ajoyib o‘tdi. Albatta, Portugaliyaga qarshi o‘yin eng qiyini bo‘ldi. Lekin menga ishoning, yigitlar maydonda borlarini berishdi. Men uchun eng muhimi shu edi”.
“Ba’zida maydonda tabassum qilmasam ham meni tanqid qilishadi, tabassum qilsam ham gapirishadi. Bu normal holat”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Terma jamoaning kelajagi va Osiyo kubogiga tayyorgarlik haqida gapirar ekan, Kannavaro qisqa vaqt ichida Srechko Katanets davrida uchta himoyachi bilan o‘ynashga o‘rgangan jamoaning o‘yin tizimini deyarli o‘zgartirmaganini tan oldi: “Albatta, biz deyarli hech narsani o‘zgartirmadik, chunki jamoa doim uchta himoyachi bilan o‘ynashga moslashgan edi. Ba’zida to‘rtta, lekin ko‘p o‘yinlarda uchta himoyachi bo‘ldi. Turnir oldidan biz juda muhim himoyachimizni [Husniddin Aliqulovni] yo‘qotdik”.
Murabbiyning ta’kidlashicha, jamoa o‘zgarishlarni amalga oshirib ko‘radi, biroq o‘yinni nazorat qilishni yaxshiroq o‘rganishi va bahslar so‘ngidagi muvaffaqiyatsizliklardan qochishi kerak: “Menimcha, endi nimadir o‘zgartirishga harakat qilishimiz normal holat. Lekin tizim o‘zgargan taqdirda ham, biz doim o‘yinni nazorat qilishni va o‘yinda oxirigacha qolishni o‘rganishimiz kerak. Chunki bu ham eng katta muammolarimizdan biri. Biz oxirgi 10 daqiqalikda ikki-uchta gol o‘tkazib yubordik. Men o‘yinda qolish deganda aynan shuni nazarda tutaman. Chunki bu darajadagi turnirlarda oxirgi daqiqalardagi xatolar uchun jazo muqarrar bo‘ladi”.
Uning so‘zlariga ko‘ra, terma jamoa yana sentabr oyida yig‘iladi: “Sentabr oyida biz yana yig‘ilamiz, ishimizni davom ettiramiz, nimadirlarni o‘zgartirishga harakat qilamiz. Agar JCH biz uchun katta tajriba bo‘lgan bo‘lsa, Osiyo kubogi bizning asosiy maqsadimizdir”.
Eslatib o‘tamiz, Fabio Kannavaro Jahon chempionatidan so‘ng Toshkentga emas, balki AQShdan Italiyaga yo‘l oladi. U ikki oylik ishdan keyin jamoaga dam olish kerakligini va keyingi uchrashuv sentabr oyida bo‘lishini ma’lum qildi.
30-iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev milliy terma jamoani JCHdagi ishtirokidan so‘ng qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, futbolchilar muhim tajriba orttirishgan, aybdorlarni qidirish va ortiqcha his-tuyg‘ular bilan e’tirozlar bildirish esa “xalqimizning xos ish emas”. U katta g‘alabalar hali oldinda ekanligini ta’kidladi.
Source: www.gazeta.uz