Parijdagi Versal saroyining Qirollik operasida Georg Fridrix Gendelning “Tamerlano” operasining premyerasi bo‘lib o‘tdi. Madaniy tadbir O‘zbekiston madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashabbusi bilan tashkil etildi.
Musiqiy ijro O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri tomonidan taqdim etildi. Asosiy partiyalarni O‘zbekiston xalq artisti Jenisbek Piyazov, Xuan Sancho va Veronika Kanxemi ijro etdi.
Loyihaning xalqaro tarixi yil boshida Dubayda italiyalik rejissyor Stefano Podaning sahnalashtirishidagi opera premyerasidan boshlandi. So‘ngra, 9 aprel kuni asar birinchi marta Venadagi Musikverein sahnasida konsert versiyasida yangradi.
Shundan so‘ng loyiha Sankt-Peterburgdagi Mariinskiy teatri sahnasida taqdim etildi va xalqaro gastrolini davom ettirdi. Keyingi bosqich Parijdagi chiqish bo‘ldi, unda opera birinchi marta mustaqil sahna asari sifatida konsert versiyasida ijro etildi.
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva premyerada ishtirok etib, “Tamerlano” operasi Dubay, Vena va Sankt-Peterburgdan keyin Parijni ham zabt etganini ta’kidladi.
“Iste’dodli musiqachilarning jonli ijrosidan zavqlanib, madaniy diplomatiya turli xalqlarni birlashtirishga qodir ekaniga yana bir bor ishonch hosil qildim”, — dedi Saida Mirziyoyeva.
Source: uznews.uz