Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

24-iyun kuni Namangan viloyati Chust tuman jinoyat sudida Rossiya-Ukraina urushida Rossiya tomonida jang qilgan 45 yoshli D.T. ismli fuqaroga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Sud hujjatlariga ko‘ra, u 2023-yil dekabrda ishlash maqsadida Rossiyaning Krasnoyarsk shahriga borib, taksichilik bilan shug‘ullangan, biroq keyinchalik giyohvandlik vositalarini saqlash va sotishda ayblanib, qo‘lga olingan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, D.T. jinoiy javobgarlikdan qutulish uchun 2025-yil 23-iyun kuni Rossiya Mudofaa vazirligining harbiy bo‘limi bilan shartnoma tuzib, Rossiya Qurolli kuchlari safiga kirgan. Unga harbiy guvohnoma va shaxsiy jeton berilgan, dastlab Rostov-Donda, so‘ngra Donetskda harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan.

2025-yil iyul oyida u front chizig‘iga yuborilgan va ikki kundan so‘ng mina portlashi oqibatida jarohat olgan. Rostov-Don va Stavropoldagi harbiy gospitalda bir oyga yaqin davolangan. Davolanish vaqtida u Rossiya Qurolli kuchlari safidan qochishga qaror qilgan va 2025-yil 9-oktabr kuni harbiy qismni tark etib, Qirg‘iziston orqali O‘zbekistonga qaytib kelgan.

Sudda D.T. aybiga to‘liq iqror bo‘lib, politsiya tomonidan giyohvandlik moddasi bilan bog‘liq holda qo‘lga olinganini va oilasining holatidan qo‘rqib, harbiy shartnoma imzolashga majbur bo‘lganini aytgan. U Rossiya fuqaroligini qabul qilib, bir yillik shartnoma asosida xizmat qilganini va jami 1 million 56 ming rubl maosh olganini tasdiqlagan.

Sud D.T.ni Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (Yollanish) bo‘yicha aybdor deb topib, yengillashtiruvchi holatlar (to‘liq iqrorlik, pushaymonlik, to‘rt nafar farzandning borligi, turmush o‘rtog‘ining nogironligi) sababli 57-modda qo‘llanilgan holda 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Jazo umumiy tartibli koloniyada o‘taladi va sudlanuvchi sud zalida qamoqqa olindi.

Source: www.gazeta.uz