O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-iyun kuni Yoshlar kuni munosabati bilan Olimpiya shaharchasida o‘tkazilgan uchrashuvda Nukus davlat texnika universitetining 2-bosqich talabasi Ayzada Asanovaga Volkswagen elektromobilini sovg‘a qilish topshirig‘ini berdi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Ayzada Asanova “Kelajak muhandislari” xalqaro festivalida “Yangi avlod avtomobillari” yo‘nalishida g‘olib bo‘lgan. Uning jamoasi, jumladan, yetti nafar qiz, Nukus erkin iqtisodiy zonasida uzoq masofaga eng kam energiya sarflaydigan elektromobilni ishlab chiqqan. Loyiha 10 kilometr masofaga bor-yo‘g‘i 40 vatt energiya sarflab, xalqaro tanlovda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.
Talaba prezidentga murojaat qilib, Belgiyada bo‘lib o‘tadigan xalqaro tanlovda O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarishga va’da berdi. Shundan so‘ng Mirziyoyev “O‘zavtosanoat” boshqaruvi raisi Ulug‘bek Ro‘ziqulovga Volkswagen’ning eng chiroyli modelini sovg‘a qilishni topshirdi.
Vazirlik e’lon qilgan suratda Ayzada Asanova Volkswagen Lavida XR avtomobili yonida tasvirlangan. Avtomobil kapotida O‘zbekiston bayrog‘i va gerbi, shuningdek, “Prezident sovg‘asi” yozuvi tushirilgan stiker bor.
Ayzada Asanova sovg‘a kutilmagan bo‘lganini va prezidentga minnatdorchilik bildirdi. U jamoasi bilan ishonchni oqlashga va’da berdi. Eslatib o‘tamiz, mart oyida Zulfiya mukofoti sovrindori Latofat Amirovaga kvartira, fevralda esa 4-sinf o‘quvchisiga avtomobil sovg‘a qilingan edi.
Source: www.gazeta.uz