Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-iyul kuni O‘zbekistonning transport-logistika tizimini rivojlantirish va mamlakatning tranzit salohiyatidan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar bilan tanishdi. Taqdimotda transport vaziri Ilhom Mahkamov va Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov ishtirok etdi.
Transport vaziri Ilhom Mahkamovning ma’lum qilishicha, 2026-yilning birinchi yarim yilligida umumiy yuk aylanmasi 43 foizga, tranzit esa 35 foizga oshgan. Vazir ta’kidlaganidek, O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishi va eksport-import aylanmasining ko‘payishi transport-logistika infratuzilmasini yanada rivojlantirishni talab qilmoqda.
Prezident tomonidan Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temiryo‘li qurilishi va yuk aylanmasining o‘sishi munosabati bilan qo‘shimcha infratuzilma yaratish bo‘yicha topshiriq berildi. Shuningdek, tranzit salohiyatini oshirish uchun yagona dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Vazirning qo‘shimcha qilishicha, qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarning rivojlanishi tufayli transport sohasidagi hamkorlik imkoniyatlari kengaymoqda. O‘zbekiston tranzit tashuvlarida qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash va tarif chegirmalariga erishmoqda.
Logistika markazlarini rivojlantirish masalasiga to‘xtalib, Mahkamov respublikada 27 ta logistika markazi faoliyat ko‘rsatayotganini, ulardan 24 tasi BMT ESKATO reyestriga kiritilganini, biroq ularning hammasi talablarga javob bermasligini ta’kidladi. Shu sababli “A” klassidagi yangi xalqaro logistika markazlarini qurish uchun qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari ishlab chiqilgan.
Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonovning bildirishicha, so‘nggi uch yilda yuk avtomobillari harakati 70 foizga oshib, sutkasiga o‘rtacha 5000 tadan oshgan. Hozirda to‘qqizta bojxona-logistika markazi ishga tushirilish arafasida, chunki mavjud beshta markaz yuk hajmini to‘liq qabul qila olmayapti.
Prezident tomonidan “yagona to‘xtash” (one-stop) tamoyilini joriy etish, ya’ni ikki davlatning alohida o‘tkazish punktlari o‘rniga umumiy post yaratish topshirig‘i berildi. Bu chora-tadbirlar natijasida chegaradan sutkasiga o‘tadigan yuk avtomobillari soni 10 000 dan oshishi kutilmoqda.
O‘zbekiston hududidan 4000 km xalqaro tranzit yo‘laklari va 4700 km temiryo‘l tarmog‘i o‘tadi. Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temiryo‘li va Transafg‘on temiryo‘li loyihalari amalga oshirilgach, mamlakat Tinch okeanidan Yevropagacha bo‘lgan eng qisqa quruqlik yo‘lagining asosiy bo‘g‘iniga aylanishi kutilmoqda. Bu yo‘nalish yuk tashish vaqtini 3 barobargacha qisqartirib, 8 kungacha tushiradi.
Agar O‘zbekiston yiliga qo‘shimcha 15-20 mln tonna xalqaro tranzit yukini qabul qila olsa, 400-600 mln dollar qo‘shimcha daromad, logistika markazlari va terminallar qurilishiga 3 mlrd dollar xorijiy investitsiya, 50 mingta barqaror ish o‘rni yaratilishi mumkin. Biroq rivojlanishga chegara punktlarining o‘tkazish qobiliyati cheklangani, “A” klassidagi omborlar yetishmasligi, konteynerlashtirish darajasining pastligi va raqamlashtirishning sustligi to‘sqinlik qilmoqda.
Source: www.gazeta.uz