Ijtimoiy tarmoqlarda Zarafshon daryosi bo‘ylab temir yo‘l uchastkasining shikastlanganligi aks etgan videolar tarqaldi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ matbuot xizmati xabariga ko‘ra, so‘nggi kunlarda O‘zbekiston va Tojikistonning tog‘li hududlarida kuchli yog‘ingarchiliklar kuzatilgan, natijada Zarafshon daryosida suv sathi keskin ko‘tarilgan. Bu esa ayrim joylarda qirg‘oqlarning yuvilishiga va daryo o‘zanining o‘zgarishiga olib kelgan.
Natijada Samarqand viloyati Toyloq tumani hududidan o‘tuvchi “Samarqand – Urgut” temir yo‘l liniyasining bir qismi shikastlangan.
Qayd etilishicha, hodisaga Zarafshonda suv sarfining odatdagi sekundiga 80–100 kub metrdan 300 kub metrgacha oshishi sabab bo‘lgan. Natijada temir yo‘l yaqinidagi daryo o‘zani 30–40 metrgacha kengaygan va temir yo‘l poydevorining bir qismiga zarar yetgan.
“Bunday gidrologik vaziyat so‘nggi 20 yil ichida kuzatilmagan edi”, — deyiladi kompaniya xabarida.
Hozirda daryo qirg‘oqlarini yirik toshlar bilan mustahkamlash ishlari olib borilmoqda, 15 birlik maxsus texnika jalb qilingan. Temir yo‘l qatnovini to‘liq tiklash va poyezdlar harakatining uzluksizligini ta’minlash uchun barcha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Source: uznews.uz