2026-yil 1-iyulda Xitoy Kommunistik partiyasi (XKP) tashkil topganining 105 yilligi keng nishonlandi. Xitoy raisi Si Szinpin o‘z nutqida partiyaning shonli tarixi va buyuk yutuqlarini, shuningdek, Xitoyning yuqori sifatli rivojlanish yo‘nalishini chuqur bayon qildi.
XKP rahbarligisiz bugungi Xitoy bo‘lmas edi – bu har bir xitoylik chuqur anglagan haqiqatdir. Partiyaning asosiy vazifasi – xitoy xalqining baxt-saodati va xitoy millatining tiklanishi. Shu maqsad yo‘lida 105 yil davomida olib borilgan barcha kurash, yo‘qotishlar va bunyodkorlik ishlari mantiqiy asosga ega.
XKP boshqaruv amaliyoti davomida har bir mamlakatning tarixi, madaniyati va sharoitlari noyob ekanligini, shuning uchun hamma uchun mos bo‘lgan yagona rivojlanish modeli mavjud emasligini ta’kidlab keladi. Prezident Mirziyoyev rahbarligida “Yangi O‘zbekiston” qurilishi jadallashmoqda, mamlakat qiyofasi tez o‘zgarib, boshqaruv samaradorligi oshmoqda. Xitoy va O‘zbekiston bir-biridan o‘rganadigan yaqin qo‘shni va hamkorlardir.
“Xalq – hamma narsaning asosi” tamoyiliga qat’iy rioya qilgan holda, Xitoy so‘nggi 10 yilda 100 millionga yaqin odamni qashshoqlikdan olib chiqdi, dunyodagi eng yirik ta’lim, ijtimoiy himoya va sog‘liqni saqlash tizimlarini yaratdi. Bu prezident Mirziyoyevning turmush darajasini oshirishga qaratilgan yondashuvi bilan uyg‘unlashadi. Xitoy shifokorlari O‘zbekistonda tug‘ma yurak nuqsoni bo‘lgan bolalar va kataraktali bemorlarni bepul operatsiya qilmoqda, qashshoqlikka qarshi kurash, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish bo‘yicha qo‘shma dasturlar amalga oshirilmoqda.
XKP korrupsiyaga qarshi keskin kurash olib boradi, intizom va axloqni mustahkamlaydi, nazorat tizimini takomillashtiradi. O‘zbekiston ham korrupsiyaga qarshi kurash va davlat apparatini tartibga solishni islohotlarning ustuvor yo‘nalishiga aylantirgan. Mustaqil antikorrupsion tuzilmalar yaratilgan, qonunchilik takomillashtirilmoqda, hukumat ochiqligi joriy etilmoqda. Ikkala davlat “sof boshqaruv”ni islohotlar muvaffaqiyatining kafolati sifatida ko‘radi.
XKP mustaqillik va o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘lidan boradi. Xitoy besh yillik rejalarni ilmiy asosda ishlab chiqib, Xitoy modernizatsiyasi yo‘lini ochdi. O‘zbekiston esa “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirmoqda. “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida tomonlar Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li kabi yirik loyihalarni ilgari surmoqda, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilmoqda, raqamli texnologiyalar sohasida hamkorlikni rivojlantirmoqda.
Xalqaro maydonda Xitoy adolat, ochiqlik va inklyuzivlikka sodiq. U global rivojlanish, xavfsizlik, tsivilizatsiya va boshqaruv tashabbuslarini ilgari surdi. O‘zbekiston ushbu to‘rtta global tashabbusni faol qo‘llab-quvvatlaydi, ko‘p tomonlamalik tamoyiliga amal qiladi, mintaqaviy kelishmovchiliklarni muloqot orqali hal qilish tarafdori. Ikkala davlat BMT, ShHT va boshqa mexanizmlar doirasida hamkorlikni davom ettiradi.
Partiyalararo aloqalar Xitoy-O‘zbekiston munosabatlarining muhim tarkibiy qismidir. Tomonlar muntazam muloqot platformasini yaratgan bo‘lib, partiya qurilishi, qonunchilik, davlat boshqaruvi va rivojlanish strategiyalari bo‘yicha fikr almashadi. Do‘stona aloqalar jamoat doiralari, tahlil markazlari va yoshlar o‘rtasida ham rivojlanmoqda.
Joriy yil XKPning 105 yilligi bilan birga, Xitoyning 15-besh yillik rejasining boshlanish yilidir. Xitoy yangi ishlab chiqarish kuchlarini shakllantirish, yuqori darajadagi ilmiy-texnik mustaqillikka erishish va zamonaviy sanoat tizimini takomillashtirishga e’tibor qaratadi. O‘zbekiston esa 35 yillik mustaqillikni nishonlaydi. Xitoy “Yangi O‘zbekiston” qurilishida ishonchli hamkor bo‘lib qolishga va ikki davlat o‘rtasidagi umumiy taqdir jamiyatini barpo etishga tayyor.
Maqola muallifi: Xitoyning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yu Szzyun.
Source: podrobno.uz