Samarqand viloyati Toyloq tumanida Samarqand shahri va Urgut tumanini bog‘lovchi yangi temiryo‘lning Zarafshon daryosi bo‘ylab o‘tgan qismida suv dambani yuvib ketdi.
Hodisa Toyloq tumanidagi “Do‘stlik” mahallasida, temiryo‘lning Zarafshon daryosi bo‘ylab o‘tgan qismida yuz bergan. Videolarda suv relslar ostidagi tuproqni yuvib ketgani, oqibatda temiryo‘l izining bir qismi tayanchsiz qolib, poyezdlar harakati uchun yaroqsiz holga kelgani ko‘rinadi.
Shikastlangan hudud 2025-yilning noyabr oyida foydalanishga topshirilgan yangi Samarqand — Urgut temiryo‘lining bir qismi hisoblanadi. Liniyaning uzunligi 55,4 km ni tashkil etadi. Loyiha doirasida ikkita vokzal, ikkita to‘xtash joyi, ikkita ko‘prik va 100 dan ortiq sun’iy inshootlar barpo etilgan.
Damba Zarafshon qirg‘og‘i bo‘ylab o‘tgan temiryo‘l izlarini suv oqimidan himoya qilishi kerak edi.
Kompaniya izohida aytilishicha, so‘nggi kunlarda O‘zbekiston va Tojikistonning tog‘li hududlarida kuzatilgan kuchli yomg‘irlar sababli Samarqand — Urgut temiryo‘lining Toyloq tumanidan o‘tgan qismi shikastlangan.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” ma’lumotlariga ko‘ra, Zarafshon daryosida suv sarfi odatdagi soniyasiga 80−100 kub metrdan 300 kub metrgacha ko‘paygan. Oqibatda daryo qirg‘oqlarni yuvib yuborib, ayrim joylarda o‘z o‘zani yo‘nalishini o‘zgartirgan.
“Daryo o‘zani temiryo‘lga yaqin hududlarda 30−40 metrgacha kengayib, qirg‘oq bo‘yidagi temiryo‘l infratuzilmasiga shikast yetkazdi. Bunday gidrologik holat mazkur hududda so‘nggi 20 yil davomida kuzatilmagan”, — deyiladi kompaniya bayonotida.
Harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida hozirda daryo qirg‘oqlarini xarsang toshlar bilan mustahkamlash ishlari olib borilmoqda. Bunga 15 ta maxsus texnika jalb etilgan. Hududga 30 ta dumpkar vagonida toshlar yetkazib berilgan, qurilish materiallari ortilgan yana 130 ta vagon ish ketayotgan tumanga jo‘natilgan.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” temiryo‘l qatnovini tezroq tiklash va poyezdlarning uzluksiz harakatini ta’minlash uchun barcha zarur choralar ko‘rilayotganini ma’lum qildi.
Source: www.gazeta.uz